O‘zbekiston | 17:42 / 08.12.2021
8083
3 daqiqa o‘qiladi

“Qanchalik to‘g‘ri tashxis qo‘ysangiz, davolanish uchun shunchalik kam pul sarflaysiz” - biznesda to‘g‘ri xarajat qilish haqida

Kun.uz'ning biznesmenlar uchun mo‘ljallangan “Transformatsiya” loyihasi ilk mehmoni Alisher Isayev biznesda A nuqtadan B nuqtaga harakat qilayotganda ortiqcha va samarasiz xarajatlarning oldini olish haqida to‘xtaldi.

“Mazam yo‘q deyapsiz, lekin buning sababini ko‘rsata olmayapsiz. Qon bosimingiz qancha desam, bilmayman, o‘lchamadim, deyapsiz. Isitmangiz bor yoki yo‘qligini so‘rasam ham bilmayman deyapsiz. Bu holatni korxonalar misolida tushuntiradigan bo‘lsak, ularning eng katta muammosi ham tashxis qo‘yishga pul sarflashni istamaganida deb hisoblayman.

Yana tibbiyotga oid misol keltiraman. Rivojlangan chet davlatlarda jiddiyroq kasal bo‘lsangiz, 90 foiz pulingiz to‘g‘ri tashxis qo‘yishga, 10 foiz pulingiz esa davolanishga ketadi. Bizda esa teskarisi. Tashxis qo‘yish uchun 10 foiz ham pulingizni sarflamaysiz va noto‘g‘ri qo‘yilgan diagnoz oqibatlarini bartaraf etish uchun 90 foiz mablag‘ingiz ketadi. Ko‘p tadbirkorlar ham shu balansni tushunishmaydi. Tashxis qo‘yishga qancha ko‘p pul ishlatsangiz, davolanish uchun shuncha kam pul sarflaysiz.

Biznesda A nuqtada qayerda turganini bilmayman degani, o‘zining diagnozini bilmaslikni anglatadi. Bu esa har xil xarajatlarga pul sarfini oshirib yuboradi. Reklamaga ko‘p pul sarflaysiz, lekin foydasi bo‘lmaydi, yangi xodim olasiz, buyam kutgan natijangizni bermaydi, yangi mahsulot ishlab chiqarishni boshlaysiz, buyam ta’sir qilmayapti. Nima uchun shunaqa? Siz o‘z diagnozingizni bilmasdan, turli xil dorilar ichib tashlayapsiz.

Shu sabab, biznesdagi A nuqtada to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun pulni, mehrni va vaqtni ayamaslik kerak; tizimli ravishda bu narsani yo‘lga qo‘yish kerak. Shu sabab hozir raqamda A nuqtada qayerda ekaningizni bilsangiz, B nuqta haqida reja qilishingiz osonroq bo‘ladi”, – deydi tadbirkor.

Mavzuga oid