09:07 / 04.04.2017
51478

Ulug‘bek Nazarov: Pora olmaymiz, aksincha bunga qarshi kurashyapmiz

2017 yil 3 aprelda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida OAV vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan haqida avval xabar berilgan edi. Unda, agentlik tomonidan Koreyada mehnat qilishni istovchilar uchun ro‘yxatga olish jarayonida yuz bergan va xalq orasida, ijtimoiy tarmoqlarda keng miqyosda muhokama qilingan kamchiliklarga izoh berildi. Ular haqida avvalgi xabarlarda batafsil yozildi.

Anjumanda migratsiya agentligi mutasaddilari, fuqarolarning murojaatlariga javob beruvchi Call-center markazi vakili ham ishtirok etdi. Matbuot anjumanida yuzaga kelgan vaziyat xususida oshkora fikr almashuvlar bo‘ldi. OAV vakillari savollariga javob berildi. Ammo, migratsiya agentligi tomonidan berilgan javoblar kishini qoniqtiradigan darajada aniq va lo‘nda bo‘ldi, deya olmaymiz. 

Xususan, test topshirishga saralash bosqichida berilgan savollarga to‘la javob berishi da'vogarning Koreyada muvaffaqiyatli ishlab ketishini qanchalik kafolatlaydi, degan savol ochiq qoldi. Aniqrog‘i, tushunarli javob berilmadi. Ya'ni, bularning barchasi mehnat migratsiyasini tanlagan kishining saviyasini aniqlash uchun qilingani aytildi. Saviya noma'lum Ahmadning qachon o‘lganiga o‘xshash savollar bilan o‘lchanadimi, degan savolga esa, texnik nosozlik va e'tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgani vaj qilindi. 

Koreyada ishlaydigan odam koreys ish beruvchisi bilan koreys tilida muloqot qila olishini aniqlash uchun tarix, huquqshunoslik, geografiya va boshqa fanlardan savollar berish noto‘g‘ri emasmi, deb so‘ralganda Koreyaga ishga boruvchilar yuqori texnologiyali uskunalarni yuritishlari ta'kidlandi. Shu o‘rinda, o‘sha yuqori texnologiyali asbob-anjomlariga doir savollar nima uchun taqdim etilmadi, degan savol ham ochiq qoldi. 

Shu bilan birga, agentlik rahbariyati OAV vakillari uchun doim ochiqligini, har qanday savollar va takliflarni o‘rganib chiqishga tayyorliklarini bildirdi. Jumladan, testni tashkil etish, bu jarayonni yanada oshkora va shaffof o‘tkazish ustida ish olib borilishi, biroq bu keyingi ro‘yxatga olish jarayonlarida amalga oshirilishi qayd etildi. Login-parol bilan kirib bo‘lmayotgani xususidagi savolga quyidagicha javob berildi. Ko‘pchilik g‘arazgo‘ylar bir pasport ma'lumotini bir necha marta kiritishgan. O‘xshash ism-shariflar anketalar to‘ldirilgandan keyin o‘tkazilgan maxsus tekshiruvlar jarayonida o‘chirib yuborilgan. Shu sababli, login-parol birikkan ism-shariflar bazada bo‘lmagani sababli shunday holat kuzatilgan.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda bitta jyeton olish uchun 500-800 AQSh dollari so‘rayotgan kimsalar paydo bo‘lganiga doir tarqagan ma'lumotlar xususida ham fikrlar bildirildi. Agentlik rahbarining ta'kidlashicha, uning ham bu kabi mish-mishlardan xabari bor, hatto ayrimlar uning o‘ziga ham bu safar 300 dollardan ekan, degan gaplarni aytishgan. Biroq, Nazarov o‘zining bunday nopok ishlarga umuman aloqasi yo‘qligini, agarda shu holatlarni isbotlashsa, jinoiy javobgarlikka tortilishga tayyorligini ma'lum qildi. 

«Aloqam yo‘q bunday gaplarga. Pora olmaymiz, aksincha bunga qarshi kurashyapmiz. Shuning uchun shunday tizimlarni joriy qilyapmiz. Buning natijasida qiynalib qolayotgan firibgarlar turli gap-so‘zlarni chiqarmoqda», degan Nazarov.

Call-center markazi vakili, operatorlarning hech bir savollarga aniq javob bera olmasliklari xususida so‘z yuritar ekan, Migratsiya agentligi bilan markaz o‘rtasida shartnoma mavjudligi, o‘sha shartnoma bo‘yicha qanday ma'lumotlar taqdim etilgan bo‘lsa o‘shalarnigina bera olishlari mumkinligini bildirdi. U, shuningdek, ayrim fuqarolarning muomala madaniyatidan haqli ravishda nolidi. Uning aytishicha, operatorlar bilmagani sabab bera olmaganiga javoban ayrim murojaatchilar turli qo‘pol va haqoratli so‘zlarni ishlatishadi. Bu esa, operatorlarning ham ishlashi va kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatadi.

Top