O‘zbekiston | 12:49 / 26.02.2022
114739
11 daqiqa o‘qiladi

1 martdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

Kun.uz sayti 2022 yil 1 martdan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Yonida biometrik pasport yoki ID-kartasi mavjud bo‘lganda, haydovchidan «prava», texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisini yonida olib yurishi talab etilmaydi

MJTKga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, yonida biometrik pasport yoki ID-kartasi mavjud bo‘lganda, haydovchidan uning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatni, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini o‘z yonida olib yurishi talab etilmaydi.

Ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga tutash yer uchastkalari ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi

Prezident qaroriga binoan davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:

  • yer uchastkalarini obod holda saqlash;
  • daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
  • yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
  • bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
  • aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi

Prezident qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 martdan boshlab:

a) Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi;

b) 2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.

Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.

«Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi

Ichki ishlar vazirligi tizimidagi «Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi hamda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi boshlanadi.

Shuningdek, yo‘qolgan ashyolarni qidirish bo‘yicha murojaatlar YaIDXP orqali ham qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.

Mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga bir necha turdagi moddiy yordamlar ko‘rsatiladi

Mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga ro‘yxat asosida bir necha turdagi moddiy yordam beriladi.

Lisenziyalash va ruxsatnomalar berishda yagona tizim joriy etiladi

Hukumat qarori bilan litsenziya yoki ruxsatnomani olish uchun arizalar vakolatli organga «Lisenziya» AT yoki YaIDXP orqali taqdim etiladi.

Lisenziya yoki ruxsatnoma olishda talabgorning boshqa kelishiladigan organlardan xulosasini olib, arizaga ilova qilish amaliyoti bekor qilinadi. «Bir darcha» tamoyili asosida litsenziyalovchi organning «Lisenziya» AT orqali tegishli xulosalarni boshqa organlardan o‘zi oladi, xulosa o‘z vaqtida taqdim etilmasa, ijobiy xulosa olingan deb hisoblanadi.

Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

Prezident qaroriga muvofiq:

a) yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda hokim yordamchilariga o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi.

Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini biriktirish yuzasidan ochiq tenderlar faqat elektron axborot tizimi orqali o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarini biriktirish yuzasidan ochiq tenderlar faqat elektron axborot tizimi orqali o‘tkaziladi.

Tenderda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan, tegishli ravishda avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashuvlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan hamda elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarning qatnashishiga yo‘l qo‘yiladi.

Respublikada ishlab chiqariladigan sementni cheklovlarsiz eksport qilishga ruxsat beriladi

Prezident qarori bilan barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Daraxt zararkunandalariga qarshi kurashishga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratiladi

Prezident farmoniga asosan daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablag‘lar ajratiladi.

Bir qator xizmatlarni YaIDXP Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda ko‘rsatish boshlanadi

Hukumat qaroriga asosan 2022 yil 1 martdan boshlab quyidagi xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasiga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlat hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
  • avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
  • jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarda saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.

Rasmiy hujjatlarga apostilni davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali ham qo‘ydirish mumkin bo‘ladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga elektron tarzda apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari va (yoki) YaIDXP orqali ko‘rsatish tartibi joriy etiladi. Bunda rasmiy hujjatlarga an’anaviy tarzda apostil qo‘yish tartibi ham saqlab qolinadi.

Chet tilini bilish darajasini aniqlovchi test sinovida qatnashish bo‘yicha murojaatlar YaIDXP orqali elektron tarzda qabul qilinadi

Chet tilini bilish darajasini aniqlash, malaka sertifikati yoki ma’lumotnoma olish uchun test sinovida qatnashish bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish YaIDXP orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.

Shuningdek, chet tilini bilish darajasini aniqlash, malaka sertifikati yoki ma’lumotnoma olish uchun test sinovida qatnashish bo‘yicha murojaat qilganda talabgordan 3,5 x 4,5 sm o‘lchamli fotosuratni hamda davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasini talab qilish bekor qilinadi.

Turistik tashkilotlar xodimlarini malakaviy imtihondan o‘tkazish boshlanadi

Hukumat qaroriga ko‘ra, turistik tashkilotlarning ishchilari, gidlar (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar malakaviy imtihonlarini o‘tkazish 2022 yil 1 martdan boshlab amalga oshiriladi.

«E-ekspertiza» yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi

Prezident farmoniga asosan sud ekspertlari va ekspertiza to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma’lumotlarni yetkazish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlash uchun mo‘ljallangan «E-ekspertiza» yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.

Chet tili fani o‘qituvchilarining sertifikatga ega bo‘lishlariga yo‘naltirilgan o‘quv kurslari tashkil etiladi

Hukumat qarori bilan malakali mutaxassislarni jalb etgan holda chet tili fani o‘qituvchilarining tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga hamda sertifikatga ega bo‘lishlariga yo‘naltirilgan o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Moliya vazirligida Ichki audit xizmatlari bilan ishlash boshqarmasi tashkil qilinadi

Xalq ta’limi vazirligi (4 ta), Maktabgacha ta’lim vazirligi (4 ta) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (4 ta) tizimidagi tashkilotlarning shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan Moliya vazirligi markaziy apparatida 12 ta shtat birligidan iborat Ichki audit xizmatlari bilan ishlash boshqarmasi tashkil qilinadi.

Chavandozlar maktablari o‘z faoliyatini boshlaydi

Prezident qaroriga muvofiq, chavandozlar maktablari faoliyat boshlaydi. Shuningdek, davlat buyurtmasiga asosan ular tomonidan razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid