«Trubada gaz bo‘lsayu, biz sovuqda o‘tirsak?!» - xonqaliklar dardiga kim quloq soladi?

Foto: Kun.uz
Qishning sovuq kunlari kelishi bilan, xonadonlarda tabiiy gazga bo‘lgan talabning oshishi natijasida, uning ta'minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga chiqmoqda.
«Kun.uz» tahririyatiga gaz ta'minotidagi uzilishlar bo‘yicha aholidan ko‘plab murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda. Shulardan biri Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Sarapoyon qishlog‘i, Paxtagul mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan yuborilgan.
«Assalomu alaykum Kun.uz rahabariyati. Men sizga mahallamizdagi mavjud muammolardan birini hikoya qilmoqchiman.
Men Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Sarapoyon qishlog‘idagi Paxtagul mahallasida yashayman. Mahallamiz xaritasi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida va unda oltita ko‘cha bor. Har bir ko‘chada o‘rtacha 80-90 xonadon joylashgan.
2015 yilning noyabr oyida, tabiiy gaz idorasi tomonidan mahallamizning oxirgi ikkita ko‘chasi gaz ta'minotidan uzib qo‘yildi. Buning sababi sifatida, oxirgi ikkita ko‘chaning chizmasi yo‘qligi va ular gaz ta'minotiga noqonuniy ulangani ko‘rsatildi. Vaholanki, shuncha yillardan buyon, bu ko‘cha aholisi gazning pulini to‘lagan holda undan foydalanib kelayotgandi.
Gaz loyihasini chizib, bizni ham gaz tarmog‘iga ulang, deb qilgan murojaatlarimizga faqat bir javob oldik: sizning ko‘chalaringiz gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududda joylashgan!
Shundan so‘ng, ko‘chamizda yashaydiganlardan biri muhtaram prezidentimiz portaliga murojaat qildi. Shunda, Xonqa tumani, Sarapoyon qishlog‘i, Paxtagul mahallasi Vazirlar mahkamasining 2013 yil 5 iyuldagi 193-sonli qaroriga asosan, gaz ta'minoti yetib borishi qiyin hududda joylashgani uchun uzib qo‘yildi degan javobni oldik. Qizig‘i shundaki, javobda oxirgi ikkita ko‘cha uzildi degan gap yo‘q, balki butun mahalla ko‘zda tutilgan. Ammo, ayni paytda, mahallaning dastlabki 4ta ko‘chasida gaz bor va aholi bemalol undan foydalanib kelmoqda.
Yaqinda, yana bir fuqaro portalga bu borada murojaat qilganida, hokimiyat tomonidan, keyingi yil butun mahalla tabiiy gaz ta'minotidan uzib qo‘yiladi, shuning uchun ham, bu murojaatingizni foydasi yo‘q degan javobni oldik. Ularning fikriga ko‘ra, mahallamiz tabiiy gaz yetib borishi qiyin hududda joylashgan emish. Vaholanki, oxirgi ikki ko‘cha gazdan uzib qo‘yilgan paytda ham va hozir ham mahallamizda tabiiy gazning bosimi juda yaxshi ekanini ko‘rish mumkin.
Ayni paytda, uzib qo‘yilgan ikkita ko‘chadagi ikkita xonadon tabiiy gazdan foydalanmoqda. Gaz idorasiga murojaat qilganimizda, bu xonadonlarning gaz chizmasi Toshkentda bor, shuning uchun tabiiy gazdan uzilmagan deyildi.
Tasavvur qiling, bir ko‘chaning narigi tomonida gazdan bemalol foydalanib, issiq uyda istiqomat qilishmoqda. Bu tomonidagi uylar esa, bir amallab, bir xonani elektr pechi bilan isitib, hamma shu xonaga qamalib o‘tiribdi. Vaholanki, mahallaga yetkazib berilayotgan gazning bosimi juda baland. Nahotki, undan biz ham foydalana olmasak?
Bu murojaatni ko‘rib chiqib, amaliy yordam bersangiz. Zora bizga ham, hech bo‘lmasa, qish mavsumida gaz berishar. Oilamiz bilan issiq xonalarda bemalol yashash orzumiz amalga oshib qolar...»

So‘nggi yangiliklar
-
Indoneziyada harakatga kelgan vulqon sabab minglab odamlar evakuatsiya qilindi
Jahon | 23:25
-
Xitoylik ayol sobiq turmush o‘rtog‘idan uy ishlarini bajarib kelgani uchun 35 ming dollar undirdi
Jahon | 22:49
-
“Tashabbusli budjet” g‘oliblari e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:26
-
Federal tergov byurosi ichki terrorizmga qarshi kurash bo‘limini qisqartirmoqda
Jahon | 22:17
Mavzuga oid

16:38 / 18.03.2025
Xorazm viloyatining uchta tumanida hokim o‘zgardi

16:13 / 14.03.2025
Tadbirkorlarga elektr va gaz uchun to‘lovlarni onlayn to‘lashga ruxsat berildi

12:30 / 06.03.2025
Qariyb 200 mln so‘mlik gazni talon-toroj qilgan kafe egasi ushlandi

12:22 / 06.03.2025