O‘zbekiston | 12:13 / 06.11.2021
19308
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy toifali o‘qituvchi va shifokorlarning maoshini 5 yil ichida ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi - Shavkat Mirziyoyev

“Muallimlarga ming dollar maosh berib, shifokorlarga bermasak, adolatsizlik bo‘ladi”, – dedi ikkinchi vakolat muddatiga kirishgan prezident.

Foto: Milliy mass-media fondi

Senat binosida saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq so‘zlamoqda. 

“Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak.

Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.

Bu borada, avvalo, bog‘cha tizimini maktab ta'limi bilan uyg‘unlashtirish orqali, bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yanada yaxshilaymiz. Mamlakatimizning hamma hududlarida o‘nlab yangi-yangi maktabgacha ta'lim muassasalari barpo etiladi. Barcha bog‘chalar har yili 2 million nusxadagi zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlab boriladi. Bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda tizimdagi 160 ming nafardan ziyod pedagog kadrlarning malakasi oshiriladi.

Taraqqiyot strategiyamizda xalqimiz salomatligini ta'minlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi. Ushbu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Muallimlarga ming dollar maosh berib, shifokorlarga bermasak adolatsizlik bo‘ladi.

Asosiy maqsad – tibbiyot sohasini chinakamiga xalq dardiga darmon bo‘ladigan, yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirishdan iborat. Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Jumladan, aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta'minlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish choralari ko‘riladi. Bunda, axborot texnologiyalarini joriy etish hisobidan korrupsiya holatlarining oldini olish, eng muhimi, aholini rozi qilish asosiy vazifamiz bo‘ladi.

Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sug‘urta tizimi ishga tushirilib, mablag‘ aniq bemorga bog‘langan holda ajratiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid