17:50 / 12.10.2017
27963

Ahmad Shahid: O‘zbekistonda din va e'tiqod, vijdon erkinligi haddan ortiq tartibga solinadi

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e'tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekiston hukumati taklifiga binoan mamlakatga tashrif buyurdi. U respublikada din va e'tiqod erkinligi bilan bog‘liq holatni o‘rgandi. 

Uning ma'lum qilishicha, 2018 yil martida o‘z o‘rganishlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekistondagi din va e'tiqod erkinligi bilan bog‘liq vaziyatga doir ma'ruza va takliflaridan iborat hisobotini e'lon qiladi. 

Ahmad Shahid tashrifi yakunlanishi munosabati bilan International Hotel Tashkent mehmonxonasida matbuot anjumani o‘tkazdi. 

Maxsus ma'ruzachining alohida uqdirishicha, “O‘zbekiston garchi dunyoviy davlat ekanini ta'kidlasa-da, mamlakatda vijdon, fikr, e'tiqod va din erkinligi haddan ortiq tartibga solinadi. Diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritsa, noqonuniy hisoblanadi. Hukumat har qanday diniy harakatlarga nisbatan hushyor turishga moyildir”. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Konstitutsiyasida din va e'tiqod, vijdon erkinligi kafolatlangan bo‘lsa ham, amalda birmuncha cheklovlarga duch kelinmoqda. “Fuqarolar din haqida fikrlarini izhor qilishda yoki e'tiqodidan kelib chiquvchi diniy amallarini erkin bajarishda ayrim cheklovlarga uchramoqda. Ba'zan bu borada o‘zini-o‘zi senzura qilish holatlari ko‘zga tashlanadi”, - dedi Ahmad Shahid matbuot anjumanida. 

BMT maxsus ma'ruzasichi O‘zbekistonda diniy savodxonlikni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish” tashabbusini yuqori baholadi. U so‘nggi bir necha oyda 16 ming atrofidagi diniy ayblovlar asosida ayblangan fuqarolar maxsus ro‘yxatdan o‘chirilganini olqishladi. 

Tashrifi davomida Toshkent, Farg‘ona, Buxoro viloyatlariga borgan Ahmad Shahid Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham bo‘lib, u yerda “Jasliq” qamoqxonasini borib ko‘rdi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi etnik va diniy jamoalar vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, NNT vakillari bilan ham uchrashib, muloqotlar o‘tkazgan. 

Top