19:00 / 06.12.2016
86718

O‘zbekiston 27 davlatdan keladigan sayyohlar uchun viza tartibini bekor qildi

2017 yil 1 apreldan boshlab turizm maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveytsariya va Yaponiya fuqarolari uchun viza tartibi bekor qilinadi. Bu xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va viza tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasiga keluvchi fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilinadi.

Yuqorida nomlari keltirilgan xorijiy davlatlarning fuqarolari O‘zbekiston Respublikasiga kirishda 50 AQSh dollari miqdorida Davlat byudjyetiga o‘tkaziladigan kirish yig‘imi to‘laydi.

Kirish yig‘imi to‘langanligini tasdiqlaydigan hujjat mamlakatga kirish uchun asos hisoblanadi.

"O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda 2017 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda xorijiy fuqarolar tomonidan kirish yig‘imi to‘lanishi tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin", deyilgan farmonda.

Shu bilan bir qatorda, 2017 yil 1 yanvardan boshlab barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona sayyohlik vizasini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi lozim. Bunda tranzit, xalqaro aeroportlarda va O‘zbekiston davlat chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida viza olish tartiblari sezilarli soddalashtiriladi. Shuningdek, O‘zbekistonda sayyohlik sohasida faoliyat olib boruvchi chet ellik mutaxassislarga ruxsatnoma olishni ularga jismoniy shaxslar daromad solig‘ini to‘lashda imtiyozlar taqdim etgan holda soddalashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, vizalarni rasmiylashtirish va taqdim etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jumladan, viza olish uchun hujjatlarni topshirish va anketalarni to‘ldirishda O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari va Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasiga tashrif buyurmagan holda onlayn to‘ldirish tizimidan foydalanish, shuningdek, 2018 yildan boshlab elektron viza tizimini tatbiq etish ham belgilangan.

Mutasaddi davlat tashkilotlariga kelgusi yilning apreligacha bo‘lgan muddatda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganchdagi xalqaro aeroportlarda respublikaga kelayotgan va undan ketayotgan chet ellik sayyohlar uchun pasport va bojxona nazorati, yuklarni olish va transport xizmati soddalashtirilgan «yashil yo‘lak» bojxona nazorati tizimini joriy etish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Respublikaning aeroport va vokzallarida chet el fuqarolariga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda jarayonlarni tezlashtirish maqsadida rezident va norezidentlar uchun alohida pasport nazoratidan o‘tish tashkil etiladi.

Tegishli tuzilmalarga qo‘shimcha ravishda yo‘lovchilarga bepul asosda ko‘rsatilayotgan xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, aeroport va temir yo‘l vokzallarida qulay sayyohlik informatsion muhiti, jumladan, sayyohlik-ma'lumot punktlari, sayyohlik navigatsiya tizimlari, mo‘ljal olish belgilari va boshqalarni tashkil etish topshirildi.

Mazkur farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov zimmasiga yuklangan.

Manba: O‘zA

Mavzuga oid
Top