O‘zbekiston | 01:46 / 13.01.2017
55241
7 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan farmoyishi e'lon qilindi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 12 yanvar kuni “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” farmoyish berdi.  

Matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan. 1 677 ta matbaa korxonasi, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi ta'lim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota'minoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Yozuvchilar uyushmasi huzurida tashkil etilgan “Ijod” jamoat fondi tomonidan yozuvchi va shoirlar, ayniqsa, yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari ko‘p ming nusxada nashr etilmoqda. Shu bilan birga, ushbu muhim soha rivoji bilan bog‘liq aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda bir qator muammolar mavjudligini qayd etish lozim.

Avvalo, badiiy, ma'rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta'lim muassasalarini ta'minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagan. Chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga yetkazish tizimi sust rivojlangan, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Ushbu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tegishli takliflarni tayyorlash maqsadida:

1. Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh va kichik ishchi guruhlar tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruh (A.Aripov)ga bir oy muddatda soha mutaxassislari va ekspertlarini keng jalb qilgan holda, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olib, quyidagi masalalarni atroflicha o‘rganish va chuqur tahlil qilish asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirilsin:

  • aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan talabni o‘rganish, shu jumladan, ijtimoiy so‘rovlar orqali aniqlash, nashriyotlar tomonidan chiqariladigan badiiy, ma'rifiy, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga doir adabiyotlarning (shu jumladan, elektron shaklda) umumiy buyurtma ro‘yxatini shakllantirish tizimining holati;
  • kitoblarni chop etish hamda aholiga yetkazib berishni o‘z ichiga olgan boshqaruv tizimining, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillariga tarjima qilish ishlarining tanqidiy tahlili;
  • noshirlar va adiblarni moliyaviy rag‘batlantirish, bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlarga moliyaviy imtiyozlar berish va moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish, matbaa korxonalari va nashriyotlarga kitob ishlab chiqarish uchun sifatli qog‘oz va matbaa xomashyolarini chetdan xarid qilish tartibini takomillashtirish;
  • kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish, kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish;
  • ixtisoslashgan kitob do‘konlari uchun viloyat, tuman markazlari va shaharlarda hamda qishloqlarda aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga tegishli soliq imtiyozlari qo‘llash;
  • mavjud axborot-kutubxona muassasalari aholining keng qatlamlariga xizmat ko‘rsatishi zarurligidan kelib chiqib, ularning viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo‘yicha joylashish va bo‘ysunish tartibini qayta ko‘rib chiqish, faoliyati hamda o‘zaro hamkorligini takomillashtirish;
  • axborot-kutubxona muassasalarining, ayniqsa, ta'lim sohasidagi axborot-resurs markazlari fondlarini shakllantirishda o‘quv adabiyotlari bilan bir qatorda badiiy, ma'rifiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar ro‘yxatini hamda ularni xarid qilish bo‘yicha xarajatlar smetasini qayta ko‘rib chiqish;
  • chop etilayotgan kitoblarni aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Madaniyat va ma'rifat” telekanali orqali targ‘ib qilish, ta'lim muassasalari, kutubxonalar, mahallalarda kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish hamda ta'lim muassasalari, ayniqsa, maktabgacha va boshlang‘ich ta'limda o‘qish madaniyati va mutolaa ko‘nikmalarini shakllantirish;
  • ta'lim muassasalarida sinfdan tashqari o‘qish uchun tavsiya etilgan o‘zbek va chet el adiblarining mumtoz va zamonaviy asarlarini tanlab, xrestomatiya adabiyotlari ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘quv jarayoniga mutolaa etilgan asarlar asosida insho yozish tizimini joriy etish, adabiyot to‘garaklari faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini qayta qo‘rib chiqish;
  • hududlarda yozuvchi-shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o‘rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ‘ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kutubxonachi va targ‘ibotchilar orasida tanlovlar (“Yilning eng yaxshi kitobi”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi bolalar kitobi”, “Yilning eng yaxshi audio kitobi”, “Yilning eng yaxshi elektron kitobi” kabi) o‘tkazish tizimini takomillashtirish.

3. Ishchi guruh (A.Aripov) ikki oy muddatda mutasaddi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, matbuot va axborot hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini yurituvchi vakolatli davlat organini belgilash, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini rivojlantirishni inobatga olgan holda tegishli kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

4. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Mavzuga oid