O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahri aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish hamda uning samaradorligi uchun rahbarlar va mutaxassislarning kasbiy mas'uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori chiqdi.

Qaror bilan aholiga birlamchi yordam ko‘rsatish tibbiy muassasalarining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish va uning faoliyati samaradorligini oshirish, ambulatoriya-poliklinika muassasalarining tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati, statsionarlar va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam markazlari bilan o‘zaro hamkorligining amaliy mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, Toshkent shahri aholisi uchun qulay va malakali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishi yuzasidan ular rahbarlari va mutaxassislarining shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida:

Toshkent shahrining tuman markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalarining, shuningdek, ular rahbarlari va mutaxassislarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

aholiga eng ko‘p uchraydigan kasalliklarni profilaktika qilish va davolash bo‘yicha alohida bemorlar hamda butun oila darajasida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;

aholiga malakali birlamchi, birinchi navbatda kasalliklarni profilaktika qilish masalalarida tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish, tug‘ruq yoshidagi ayollar, o‘smir qizlar, homilador ayollar, bolalar, shuningdek, yolg‘iz keksalar, nogironlar, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar hamda o‘zgalar ko‘magiga va ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar o‘rtasida doimiy patronaj ishlarini amalga oshirish;

oilada tibbiy madaniyatni oshirish va har bir kishining o‘z salomatligi va bolalari salomatligi uchun mas'uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan dasturlarni amalga oshirish orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi asoslarini shakllantirish va mustahkamlash;

aholi o‘rtasida barkamol sog‘lom avlodni tarbiyalashga, ona va bola salomatligini muhofaza qilishga, tibbiy etika va deontologiya, sanitariya-gigiyena ko‘nikmalari, oqilona ovqatlanish qoidalariga rioya etishga, tug‘ma patologiya va irsiy kasalliklarni kamaytirishga yo‘naltirilgan profilaktika tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish;

milliy kalendarga binoan profilaktika emlashlarini o‘tkazish yo‘li bilan boshqariladigan infeksiyalar va ularning asoratlarini profilaktika qilish;

yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalinish xavfi omillarini barvaqt aniqlash mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan aholi o‘rtasida kasallikka chalinish, nogironlikni va barvaqt o‘limni profilaktika qilish;