19:27 / 27.05.2017
22984

O‘zbekistonda yer o‘z egasiga topshirilishi kerak: raqamlar, mulohaza va mushohada

Islohotlarni, yangilanishni olqishlash bilan birgalikda har birimiz mavjud holatimizning tahlilini qilishimiz hamda ertangi kunimizning rejasini tuzish borasida fikr yuritmog‘imiz foydadan xoli emas. Zero, ko‘pchilik bo‘lib puxta tuzilgan reja harakatlarning samarali bo‘lishi uchun muhim omildir. Quyidagini shu rukndagi urinish, deb bilgaysizlar.

Birinchi qism. Tili bor raqamlar

Bir nechta raqamlar borki, ular bizga mavjud holatimizni yaxshigina tasvirlab berishga qodir. Ularga bir qarab nafaqat mavjud holatni, balki nima qilsak qisqa davrda jadal ravishda rivojlanib olishimiz mumkinligini ham anglab yetamiz. Shunday raqamlardan ba'zilarini tilga olamiz:

4,4 million gektar

Bu raqam — mamlakatimizda mavjud bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar hajmi. Hozirda ular fermer xo‘jaliklariga berilgan. Bu raqam bizga nimalarni «aytib berishi» mumkinligini keyingi raqamlarga qarab bilib olamiz.

2,3 million

Bu raqam — birgina Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan o‘zbekistonliklarning rasmiy ro‘yxatga olingan soni. Boshqa xabarlarga ko‘ra, bu son 4 milliondan ziyod.

Qo‘shimcha qilib shuni aytish kerakki, ularning asosiy qismini qishloq farzandlari, ya'ni aksar yerda ishlashni yaxshi ko‘radigan yigitlar tashkil etgan bo‘lib, ish yo‘qligidan chetda ishlashga majbur bo‘lmoqdalar.

22 millard dollar

Bu raqamning mamlakatimizga aloqasi yo‘qdek, ammo uni ham keltiramiz. Bu raqam birgina Rossiya Federatsiyasida hozirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridagi yillik yetishmovchilikni bildiradi. Ma'lum voqealardan so‘ng, bu mamlakatga nisbatan g‘arb davlatlari tomonidan iqtisodiy choralar ko‘rilib, yetishmovchilik shu darajaga yetdi.

Nega aynan bu uchta raqam keltirilgani barchamizga tushunarli, deb mulohaza qilamiz-da, davom etamiz.

Endi bu raqamlarga qarab yengil tahlilni amalga oshirsak bo‘ladi. Xo‘sh, nimalarni bilib oldik?

Birinchidan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yaroqli bo‘lgan yerlarimiz anchayin ko‘p ekanligini. Buni yaxshiroq anglashimiz uchun yana bitta raqam keltiramiz — 300 ming gektar. Bu raqam qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘p davlatlarga eksportini yo‘lga qo‘ygan davlat — Isroil davlatining sug‘oriladigan yerlari hajmini bildiradi. Taqqoslaymiz. 4.400.000 gektar bizda — 300.000 gektar Isroilda.

Ikkinchidan. Yerni obod qilishni eplaydigan, yerda ishlash asnosida boy-badavlat yashashni istaydigan, ammo hozirda o‘zga bir katta davlatning iqtisodiyotini oyoqqa turg‘azishga sezilarli hissa qo‘shib kelayotgan «bir armiya» odamimiz borligini bildik. Shu «armiya»mizning mehnati evaziga o‘sha katta davlatda ko‘plab... juda ko‘plab inshootlar qurildi va boshqa ishlar qilindi.

Uchinchidan. Mamlakatimiz bilan hamkorlik qiluvchi birgina davlatning rasmiy idorasi keltirgan raqamidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabning naqadar katta ekanligini bilib oldik. Sifatli, qo‘yoshdan to‘yinib yetilgan mahsulotning esa hozirda «bahosi yo‘q» ekanligini o‘zimiz xulosa qilsak bo‘ladi.

Achchiq bo‘lsa ham xulosaga o‘rin beramiz

Isroil davlati o‘zining 300.000 gektar yerida yetishtirilgan mahsulotini dunyoning ko‘plab davlatlariga eksport qilib kelayapti. Xususan, biz tilga olayotgan Rossiyaga ham.

Iqtibos: «Isroil geografik jihatdan qishloq xo‘jaligini yuritish uchun noqulay bo‘lishiga qaramasdan, yangi uzilgan mahsulotlarning yirik eksportchisidir. Isroil yer maydonining yarmidan ko‘pi cho‘l zonaga to‘g‘ri keladi, suv tanqisligi esa qishloq xo‘jaligi amaliyotiga yanada qo‘shimcha qiyinlik keltiradi».

(Vikipediyadan).

Shu o‘rinda kimdir e'tiroz bildirishi mumkin: «Biz isroilliklarday bo‘la olmaymiz, ular boshqacha xalq!»

Javob: Bekorlarni aytibsiz! Bizlar ilmu salohiyatda, bunyodkorlikda boshqalardan ming chandon o‘tib ketgan davrlar bo‘lgan. Bir marta ishg‘ol etilgan cho‘qqilarni yana zabt etsa bo‘ladi. Demak, har qanday yuksak maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘ya olamiz!

Achchiq haqiqatlarni tilga olishda davom etamiz.

Yerimiz ko‘p ekan, zahmatkash, ishchan yigitlarimiz ko‘p ekan. Shu bilan birga, to‘rt million kishimiz o‘zga iqtisodiyotni ko‘tarayotgan ekan.

Yerlarimiz esa yuz, ikki yuz va undan ko‘p gektardan fermerlarga berilgan. Shu joyda «fermer», degan tushunchaga aniqlik kiritsak. Akademik lug‘atga murojat etamiz: «fermer — xususiy qishloq xo‘jaligi egasi, ferma egasi». Ushbu keltirilgan ta'rifda «EGA» so‘zi biz uchun eng muhim so‘zdir.

Ega

Ya'ni, haqiqiy fermer, bu — avvalambor ozmi-ko‘pmi, kattami-kichikmi xo‘jalikning EGAsidir. U o‘z xo‘jaligini avaylab asraydi, rivojlantiradi, bezatadi, ko‘rkam etadi, xullas kalom... sevadi. O‘zidan keyin bolalarining moddiy va ma'naviy ozuqa manbai bo‘lishi uchun urinadi.

Bizdagi fermerlar esa... aslida yerga ham, mahsulotga ham haqiqiy EGA emaslar. Davlat tomonidan ajratilgan urug‘ va boshqa narsalarni ishlatib mahsulot (asosan paxta va bug‘doy) yetishtiradilar va davlatga topshiradilar. Tabiiyki, yerga munosabat ham, uni obod qilish, har bir qarichidan unumli foydalanishga bo‘lgan rag‘bat ham, ertangi kunga nazar ham o‘ziga yarasha. (Davlatdan olingan mineral o‘g‘itlarni chekaga sotib yuborish, «xo‘jako‘rsinga» ish yuritish, ishchilarga pul o‘rniga g‘o‘zapoyani ish haqi qilib berish va boshqa yuz berayotgan «narsa»larga bu yerda urg‘u berib yotmaymiz, zero, maqsadimiz hozir bu emas). Bunday «fermer»lar hozirda mamlakatga, xalqqa va nihoyat o‘zlariga har bir gektardan qancha foyda keltirayotganini ilg‘or agrar davlatlardagi raqamlar bilan taqqoslasak achinishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Mazkur vaziyatdan kelib chiqib...

Holatimiz manzarasiga chizgi chizamiz:

Bir tarafda — Rossiyaning eng qiyin, eng qora ishlarini qilib yurgan 4 millionga yaqin ishchan fuqarolarimiz.

Ikkinchi tarafda — tayin bir EGAsi yo‘q, aksar holatda e'zoz etilmayotgan 4 million gektar yerlarimiz.

Bir-biriga hayrat ila tikilib turgan, mantiqsiz, taajubga soladigan ushbu ikki fakt oldida turibmiz. Endigi vazifamiz — bu ikki faktga tikilib turmasdan, ziddiyatni bartaraf etishimiz.

BU ZIDDIYaTNI BARTARAF ETIShIMIZ ESA MAMLAKATIMIZNI JADAL RIVOJ TOPIShIGA ASOS BO‘LA OLADIGAN DARAJADAGI SALMOQLI IShDIR.

Atayin katta harflar bilan yozilgan yuqoridagi jumla kimgadir balanparvoz gapga o‘xshab tuyulishi mumkin. Ammo hozirda dunyoda yuzaga kelib turgan holatdan (konyunkturadan) xabari bor har bir kishi bu katta harflar bilan yozilgan gapni yaxshi tushunadi.

Konyunktura

Hozirda har bir mamlakat o‘zida bor imkoniyatlardan maksimal foydalanishga harakat qilmoqda. Bu tendensiya dunyo bo‘ylab tobora avj olmoqda va, tabiiyki, avj olib boraveradi. Yashash uchun, rivojlanish uchun bo‘layotgan bu kurashda esa abjirlar — o‘z imkoniyatlarini uvol qilmayotganlar — boshqalardan o‘zib ketayotgani ham haqiqat. Xususan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun qulay imkoniyati bo‘lgan har bir mamlakat bu bozorda o‘z o‘rnini egallashga rosa urinmoqda. Bu yo‘lda ayrim ilg‘or mamlakatlar o‘zida ishchi yetishmaganidan chetdan ishchi yollab yerlarini istifoda etayotgan bo‘lsalar, yana birlari ekin-tekinga noqulay joylardan ham foydalanishgacha boryaptilar. Sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab esa borgan sayin o‘sib bormoqda.

Mavjud konyunktura va... biz

Shu joygacha qilgan tahliliy urinishimizdan ko‘rinib turibdiki, imkoniyatlardan unumli foydalanish masalasida biz, ta'bir joiz bo‘lsa, bir oyoqqa emas, balki hamma mavjud oyoqlarga oqsaganmiz. Bizda bor imkoniyat, aytaylik, o‘sha isroilliklarda bo‘lganda edi... Mayli, holat haqida fikrladik, endigi fikr qilishimiz lozim bo‘lgan narsa...

Yechim

Jo‘yali yechimni taklif etish, aslida, oson ish emas. Ammo ba'zida yechim «suvning ustida» qalqib, «mana menman», deb turgan bo‘ladi. Uni olib ishlatish kerak bo‘ladi, xolos.

Demak, biz ishsizlik sababidan chetda ishlab yurgan, o‘zga iqtisodiyotni ko‘tarayotgan o‘sha «armiya»mizni O‘Z yerlarimizni tom ma'noda obod qilishga jalb qilmog‘imiz va shu asnoda bir emas, balki butun boshli kompleks muammolarimizni hal qilishga kirishishimiz darkor. Boshqacha qilib aytganda, bizlarga hozir agrar islohot juda zarur. Ammo bunday islohot kutilgandek natijaga olib kelishi uchun uni to‘g‘ri rejalashtirish, ta'bir joiz bo‘lsa, formulasini to‘g‘ri tuzib chiqish darkor.

Islohot formulasi

Agrar sohani rivojlantirishning bir qancha modellari bor. Muhimi — holatni, mavjud shart-sharoitni hisobga olgan holda xos modelni tanlab olishdir. Bir mamlakatga to‘g‘ri keladigan model boshqasiga aslo to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Masalan, Isroil davlatida qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud ishchi kuchining atigi 3.7 foizi ishlaydi. Tabiiyki bizga bunday model hech ham to‘g‘ri kelmaydi, zero, biz ko‘p sonli qishloq fuqarolarimizni ishli qilishimiz kerak.

Biz o‘zimizning xos formulamizni ishlab chiqishda quyidagilardan kelib chiqishimiz darkor:

- Ishsizlik miqyosi. Buni izohlashga hojat yo‘q.

- Ijtimoiy tabaqalanishga imkon qadar yo‘l qo‘ymaslik. Yirik agrar xo‘jaliklar tuzish yo‘lidan borish alal-oqibat qishloqlarda ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltiradi. Ya'ni, katta yer egalari (boylar) va ularga ishlaydiganlar (oylik maosh oladigan kambag‘allar) sinflari yuzaga keladi. Bu esa mamlakat rivojiga xizmat qilmaydigan chuqur ma'naviy-ijtimoiy qusurlardandir, degan mulohazani qilsak bo‘ladi.

- Imkon qadar ko‘proq oilalarni iqtisodiy faollikka jalb qilish.

- Imkon qadar ko‘proq kishilarimizni EGAlarga aylantirish... Buning tafsiloti haqida hali to‘xtalamiz.

- Mentalitetimiz.

Ushbu besh tamoyil bo‘lajak islohotlarning imkon qadar ko‘prok kishilarni qamrab olishini, katta agrar xo‘jaliklar emas, balki aynan kichik yer egalarini ko‘plab yuzaga keltirishni taqozo qiladi. Ammo buni amalga oshirish shunchaki ishsizlikni bartaraf etish vositasi emas, balki keng ko‘lamdagi, KONTsePTUAL AHAMIYaTGA MOLIK VAZIFADIR. «Juda unchalik emasdir?» — der balki kimdir. «O‘shancha» ekanligini asoslashga kirishamiz va yana raqamlarga murojat etamiz.

Kontseptsiya

4,4 million gektar sug‘oriladigan yerlarimiz borligini aytdik. Endi bu raqamni hozircha ikkiga bo‘lib turamizda, hosil bo‘lgan hajmni olib, biroz xayolga erk beramiz. 2,2 million gektar yer asosida bosqichma-bosqich, sekinlik bilan kichik YeR EGALARIni xayolan vujudga keltiramiz. Bir oila bir yoki ikki gektar yer egasi bo‘ldi, deb tasavvur etaylik. Oddiy arifmetik amallar shuni ko‘rsatadi-ki, natijada mamlakatimizda salmoqli, salohiyatli tadbirkorlar «armiya»si vujudga keladi shunda. Hozirda o‘zga bir davlatning iqtisodiyotini ko‘tarayotgan «armiya» asosida yangi, Vataniga, yurtiga foyda keltiruvchi tadbirkor, bunyodkor «armiya» vujudga keladi. Ustiga-ustak «qaysi go‘rda» emas, balki ota-onasining oldida, farzandlariga bosh bo‘lgan holda.

Bu tadbirning KONTsePTUAL ahamiyatga ega ekanligini quyidagi mulohazalar bilan asoslaymiz:

Davlatning kuch va salohiyati shu davlatda yashab, faoliyat yuritayotgan ijtimoiy segmentlarga bog‘liq.

Tom ma'nodagi kuchli davlat, bu — ijtimoiy va iqtisodiy faol, ruhan baquvvat qatlamlariga ega davlatdir. Boshqacha qilib aytganda mamlakatda iqtisodiy-ijtimoiy faol, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan kishilar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakat shuncha kuchlidir.

Fikr yuritayotganimiz agrar islohot esa pirovardida mamlakatimizda, to‘g‘rirog‘i, qishloqlarimizda o‘sha — ijtimoiy va iqtisodiy faol, yurt rivoji uchun jon kuydiradigan — SINFni vujudga keltirish ko‘lamiga molik tadbirdir.

Bunday, tom ma'nodagi kuchli, faol SINF millatning asosiga, tayanchiga aylansa bu millat har qanday maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ya oladi. Zero, bunday millatning zamirida FAOLLIK yotgan bo‘ladi.

FAOLLIK mavzusiga esa chiqishimizning ikkinchi qismida to‘xtalib o‘tamiz.

O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy faol qatlamni yuzaga keltirish: raqamlar, mulohaza va mushohada

Shokir Sharipov, mustaqil tahlilchi.

Top