22:29 / 29.12.2016
9951

Xames «Real»da nega yo‘qolib qoldi? Futbolchining Madriddagi tarixi

Tribuna.Uz qishki transferlar vaqtida barchaning diqqat markazida bo‘lishi va mavsum transferiga aylanishi kutilayotgan Xames Rodrigesning Madridda nega o‘ynab keta olmaganini tahlil qilib ko‘rdi.

2014 yilning yozida futbol muxlislari yosh va shiddatli bu futbolchini yoqtirib qolishdi. U Braziliyadagi mundialda terma jamoasini yelkasida chorak finalga qadar olib chiqdi. Bu kolumbiyaliklarning o‘z tarixidagi eng yorqin turniri bo‘ldi va Xames Rodriges milliy qahramon darajasiga ko‘tarilib, sardorga aylandi.

Bu yosh yigit Fransiya chempionatida to‘p surardi, ammo u Urugvay darvozasiga qoyilmaqom qilib gol urgach, uni «Real» prezidenti Florentino Peres ko‘z ostiga oldi va tez orada «Monako»dan 80 mln yevroga transfer qildi.

Shunday qilib, u 23 yoshida «Santyago Bernabeu»ga keldi va 10 raqamli futbolkani kiydi.

O‘sha vaqtda jamoani boshqargan Karlo Anchelotti bu transfer o‘zining tashabbusi emasligini bot-bot ta'kidladi. Braziliyadagi chempionatda oltin butsa bilan taqdirlangan futbolchi «Real» uchun ilk o‘yinini shu oyoq kiyimlarda o‘tkazdi va ikkinchi uchrashuvida «Atletiko» darvozasiga gol ham urdi. Barchasi silliq keta boshlayotgandi.

Primeradagi 2 yilda (61 o‘yin) Xames 21 gol urgan va 23 golli uzatma muallifi bo‘lgan (barcha turnirlarda: 94/27/37). Raqamlar barchasi yaxshi ekanini aytmoqchi bo‘ladi, ammo aslida barchasi teskari ketdi. 

Anchelotti davrida Xames tez-tez maydonda ko‘rinish berar va mutaxassislar bir fikrni takrorlashardi: bu yigit boshlang‘ich tarkib uchun munosib.

Keyin nima bo‘ldi?
Anchelotti «Real» bilan ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lishni uddalay olmadi, jamoa yarim finalda «Yuventus»dan yengildi. Buning uchun Peres tajribali mutaxassisni ishdan bo‘shatdi, u o‘tgan mavsumdagi g‘alabalarni yetarli deb bilmagandi.

Italyan murabbiy ketishidan keyin uning o‘rnini Rafael Benites egalladi. «Real-Madrid Kastile»da ishlagan va asr boshida Visente Del Boskega yordamchilik qilgan bu qaysar murabbiy jamoada hech kim avtorit bo‘lmasligini birinchi kundanoq e'lon qildi. U bu gapi Krishtianu Ronalduga ham taalluqli ekanini aytdi va o‘ziga "dushman" orttirdi.

Benites Xamesga mashg‘ulotlarga kechikishga haqqi yo‘qligini, sira haqqi yo‘qligini uqtirdi.

Xames esa bir kuni mashg‘ulotga shoshib, politsiya bilan chinakamiga «Forsaj» filmidan parcha ijro etadi. U tezlikni oshirgan, uni patrul avtomobili to‘xtatmoqchi bo‘lganida esa futbolchi tezlikni yanada oshirishga qaror qilgan.

Bu haqda keyinroq, Benites ketganidan keyin ma'lum qilindi. «Real» esa o‘sha vaqtdayoq futbolchini jazolashga qaror qildi, Xames «Real»ning asosiy tarkibidan tushib qola boshladi. Benites esa Xamesning mashg‘ulotlarga munosabatidan norozi bo‘lishda davom etgan.

Noyabr oyida Xames terma jamoasining Chiliga qarshi o‘yinida ishtirok etadi va gol uradi. O‘yindan keyin esa matbuot orqali ispaniyalik janobga murojaat qiladi: «U men yomon sport formasida ekanimni aytmoqdami?».

Undan keyin nima bo‘ldi?  

Yanvarda Rafael Benites iste'foga jo‘natildi. O‘shanda Xames Rodrigesdan ko‘ra baxtiyorroq insonni topish qiyin edi. Ammo, hayot shuni ko‘rsatdiki, xursand bo‘lishga erta edi…

Madridliklar bilan 2 marta YeChL g‘olibi bo‘lishga ulgurgan Zaynidin Zidan Xamesni «Barselona»ga qarshi o‘yinga tushirmadi. «Atletiko» bilan o‘yinda esa futbolchi 83-daqiqaga kelibgina maydonda paydo bo‘ldi. 80 millionga xarid qilingan Xamesning sog‘ligi joyida edi, ammo Zidan o‘z prinsiplariga og‘ishmay amal qilishda davom etib, uni zaxira o‘rindig‘ida qoldirishni kanda qilmasdi.

Frantsuz murabbiyi yosh Lukas Vaskesga ko‘proq ishonch bildirar edi. 

Zidan ham Benites kabi Xamesning mashg‘ulotlardagi harakatlaridan qoniqish hosil qilmagan. Ammo fransuzning eng jahlini chiqargan sabab boshqa edi. Ispaniya chempionati doirasidagi o‘yinlardan biri vaqtida Zidan Xamesga chigalyozdi mashqlarini bajarishga jo‘natadi. Ammo, Xames murabbiyning talabini bajarmasdan, zaxira o‘rindig‘ida qolishga qaror qilgan. Mahalliy jurnalistlarning yozishiga ko‘ra, Zidanni hammasidan ham ko‘ra «Real» Germaniyada «Volfsburg»ga 0:2 hisobida yutqazayotganida Xames zaxira o‘rindig‘ida kulib o‘tirgani ko‘proq achchiqlantirgandi.

Amerika Kubogidagi muvaffaqiyatlardan keyin kolumbiyaliklar sardori yana tilini tiyib tura olmadi: «Men terma jamoada ekanimda butkul boshqa muhitda bo‘laman, bu yerda barcha menga yanada yaxshiroq o‘ynashimga yordam berishga harakat qiladi». Yoki «Men terma jamoa uchun bir oyoqda qolsam ham o‘ynashda davom etaman, bu yerda juda baxtliman». Ha, Madridda uning egoizmini qabul qilishmadi, Madridda boshqa bir egoistning ko‘ngliga qarashadi.

Qolaversa, Kopa Amerikada Kolumbiya  yarim finalda turnirni tark etdi, Xames klub ixtiyoriga turnir finalida o‘ynagan va ta'tilini qisqartirgan (1 haftaga) Messi «Barselona»ga qaytganidan keyinroq kelib qo‘shildi. Xamesning jamoadoshlari Mateo Kovachich, Alvaro Morata va Lukas Vaskes ham ta'tillarini qisqartirib, klubga qaytgandi. Xames esa bu haqda o‘ylab ham ko‘rmadi.

Yozda fransuz murabbiyi jurnalistlarga aytdiki, u Germaniyadagi voqea tufayli agenti orqali «Real» rahbariyatiga shantaj qilishga uringan futbolchisi bilan yaxshi muomala qilishda davom etadi. Lekin yangi mavsumda ham Xames asosiy tarkibga kiritilmadi.

Hozirda Kolumbiya terma jamoasi futbolchisi uchun hech narsa o‘zgarmagan. 

Zidanning taktikasida maydon markazida yarim himoyachilar uchburchagi hosil qilindi: Kazemiro (himoyachilarga ko‘proq qarashuvchi), o‘yin ijodkori Luka Modrich va Toni Kroos (qanotlarda ko‘proq harakat qilib, o‘yin dinamikasiga mas'ul). Bu esa Xamesga hojat qoldirmasdi. Bu uchlikdan qaysi biridir safdan chiqsa, zaxira sifatida Kovachich, Marko Asensio va Iskodan foydalanilardi.

Xamesga hujum chizig‘idan ham joy topilmadi. Zidan hujumda Moratani, Lukas Vaskesni va hatto Mariano Diasni o‘ynatdi, lekin Xamesni emas.

Xamesning o‘rnini aynan Lukas Vaskes olib qo‘ydi.

Xames bu mavsumda Madrid derbisida 7 daqiqa o‘ynadi; 2016/17 mavsumda esa jami bo‘lib La Liganing 8 uchrashuvida (faqat 4tasida boshlang‘ich tarkibda) qatnashdi. U faqat Qirol Kubogi turnirida 2ta to‘liq o‘yin o‘tkazib, uchinchi divizion vakili «Leonesa»ga qarshi o‘yinda 1ta gol urdi va 4ta golga pas berdi.

Hozirda, qishki transferlar darichasi ochilishi arafasida Madridda ikki shaxs bir masala bo‘yicha murosa qila olmayapti: Ulardan biri — juda ta'sirli shaxs, ikkinchisi — hurmatli. Xamesning ketishi yoki qolishi masalasi Pirineyni Zidan va Peres tarafdorlariga ajratdi, prezident futbolchining qolishi, Zizu esa ketishini istamoqda.

«Real» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘alabani nishonlay boshlagan pallada Xames o‘zini Kolumbiyadadek his qildi va yana "og‘zidan gulladi". U jurnalistga bergan intervyusida «Santyago Bernabeu»dagi taqdiri mavhum qolayotganini aytib, dedi: «Bu yerda men baxtiyorman, ammo ko‘proq o‘ynashni istayman; menda takliflar va ularni o‘ylab ko‘rish uchun 7 kun bor».

Shundan so‘ng, AS nashri o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan madridlik muxlislarning 70 foizi Xamesning ketishini istayotganini bildirdi. Ehtimol, ovoz berganlar orasida Zidan, Lukas Vaskes, Asensio, hamda boshqa chempionatlardagi 5ta klub vakillari ham bo‘lgandir.

Kolumbiyadagi nashrlar Xames Angliyada ishlash uchun viza olishga tayyorlanayotgani haqida yoza boshladi, ko‘p o‘tmay futbolchini sotib olishga Fransiya va Italiyadagi jamoalar qiziqish bildirayotgani ma'lum bo‘ldi.

Hozircha vaziyat shunday:

— Jorjye Mendesh (futbolchining agenti) «MYu» bilan yaxshi munosabatda. Uning mijozi Joze Mourino esa jamoaning markazida dunyoning eng qimmatbaho futbolchisiga sherik qo‘yishga qarshi bo‘lmaydi.

— Shu bilan birga Xamesni Pogbaga sherik sifatida emas, uning o‘rniga sotib olishlari ham mumkin. «Yuventus» fransiyalik futbolchini sotgach, «o‘nlik» bo‘sh qolgan. Ularga darvozaga uzoqdan aniq va kuchli zarba yo‘llovchi oyoq yetishmayapti. 

— Turinliklarning sobiq bosh murabbiyi Antonio Konte Roman Abramovichdan «Chelsi» yarim himoyasini kuchaytirish uchun mablag‘ olishi ma'lum. Oskar Xitoyga ketdi, Fabregas ham boshqa jamoaga o‘tib ketishi kutilmoqda.

— «Inter» xitoylik investorlar puliga yangi davr boshlamoqchi. Bu jamoa ham Xamesni o‘z safida ko‘rishni istayotganlar safida.

— Transferlar haqida gap ketganida «PSJ»ni tashlab o‘tish amri mahol. Kolumbiyalik futbolchi Fransiyaga qaytishi mumkin, Parijdagi shayxlar uning uchun barchadan ko‘proq pul to‘lay oladi.

Xames bu takliflardan birini qabul qilsa, o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi, bu jamoalarning har biri yevrokuboklarda qatnasha oladigan jamoalar.

Hozirda bu futbolchi uchun eng muhim pallalar. Bir yil oldin Zidan undan voz kechgandi.

Kolumbiyalik yoqimtoy bu jamoadan ketmog‘i darkor. Muxlislar uni sog‘inishgan.

Top