O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga 22-23 mart kunlari amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida «Kazinform» agentligi muxbiri savollariga javob qaytarib, eksklyuziv intervyu berdi.

Unda O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston va boshqa qo‘shnilar bilan qanday aloqalar o‘rnatmoqchi ekani haqidagi savollarga javob bergan.

– Hurmatli Shavkat Miromonovich, bu sizning Qozog‘istonga O‘zbekiston prezidenti sifatida amalga oshiradigan ilk tashrifingiz bo‘ladi. Ostonaga qanday hissiyotlar bilan uchasiz?

Darhaqiqat, Qozog‘istonga davlat tashrifi bizning ikki tomonlama munosabatlarimizdagi muhim siyosiy voqea bo‘ladi.

Abadiy do‘stlik haqidagi kelishuv hamda Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari darajasi qanchalar yuqoriligini ko‘rsatadi. Bir qator mintaqaviy va xalqaro masalalarda davlatlarimizning pozitsiyalari umumiy. O‘zbekiston va Qozog‘iston bu mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik mustahkamlanishida o‘zini birdek mas'ul his etadigan ikki davlatdir.

Xalqaro doirada Qozog‘istonning nufuzi ortayotgani bizni quvontiradi. Bu davlat BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a'zosi, bu esa mamlakatning xalqaro hamjamiyatda tutgan muhim o‘rnini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda Nursulton Abishevich Nazarboyevni birodar Qozog‘istonning rahbari sifatida yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. U o‘tgan yilning sentabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti, o‘z do‘sti Islom Karimovni xotirlash uchun kelganini qadrlashadi va buni unutishmaydi...

Ishonchim komilki, Qozog‘istonga bo‘lajak tashrif o‘zaro munosabatlarimiz rivojidagi yangi qadam bo‘ladi. Biz davlatlarimiz xalqlari bu uchrashuvdan ko‘p narsa kutayotganini yaxshi bilamiz va umid qilamanki, bu ishonchlar oqlanadi.

- Sizning rahbarligingizda qabul qilingan muhim hujjatlardan biri 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi bo‘ldi. Hujjatda asosiy e'tibor xalq bilan muloqot va inson manfaatlariga qaratilgan. Mamlakatni rivojlantirishda nima uchun aynan shu jihatlar birinchi galdagi maqsadlar sifatida tanlangan?

Ma'lumki, birinchi prezidentimiz rahbarligida mustaqil O‘zbekiston bozor iqtisodiyoti qurilishini boshladi va ko‘plab yutuqlarga erishildi.