00:00 / 27.01.2018
79769

Aks-sado: Farg‘ona viloyati hokimining haqoratlariga o‘zbekistonliklar munosabat bildirishmoqda

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyat faollari bilan o‘tkazilgan selektor majlisida Toshloq tumani aholisini haqorat qilgani haqidagi xabarlar va audio material internetda tarqalgach, KUN.UZ tahririyatiga bu voqeaga o‘z munosabatini bildirgan ko‘plab muxlislardan maktublar kelmoqda.

Quyida ulardan ayrimlari havola etiladi.

* * *

Assalomu alaykum. Mening ismim Boburjon. Toshloq tumanidanman. Hozir Rossiyadaman. Hokimimizning selektorda toshloqliklarni haqorat qilib aytgan gaplariga nisbatan qandaydir chora ko‘rish kerak. Bu odamning oyog‘i yerdan uzilgan chog‘i, bizni haqorat qilyapti. Agar Farg‘onada qornimiz, ustimizdan orttirib, uylanishimiz uchun pul qila olganimizda edi, biz bu yerlarga aslo kelmagan bo‘lar edik.

* * *

Assalomu alaykum KUN.UZ ijodkorlari!

Sizlardan iltimos, Farg‘onamiz hokimini ko‘proq tanqid qilinglar. Unaqa hokimning keragi yo‘q bizga. Hokim bo‘lgandan buyon hech qayerda hech narsa o‘zgarmadi. Audioyozuvda kimni nima deb haqorat qilgan bo‘lsa o‘zi shunaqa. U shunaqangi so‘zlar bilan asl basharasini ko‘rsatyapti. U inson kim bo‘libdiki, hajdek ibodatga taqiq qo‘ygani?!

* * *

Insonni haqorat qilgani uchun eng kam oylik ish haqining 30 barobaridan qanchadir barobarigacha jarima solinadi. Butun boshli Toshloq aholisi 200 mingmi undan ortiqmi, bilmadim, lekin ularning hammasini haqoratlagani uchun javobgarlikka tortilmaydimi, bu noinsof? Iltimos, shu masalani ko‘taringlar!

* * *

Hokimning videoselektordagi «nutqi»ni tinglab, o‘zimda oldin hech qachon his etmagan kayfiyat paydo bo‘ldi. Marhumlar ruhini bezovta qilmaslikka qaratilgan xalqimiz odatlari, dinimiz ko‘rsatmalari bu «musulmon»ga yot shekilli. U kishiga faqat ikkita savolim bor. 1) U inson «haromi» so‘zining ma'nosini biladimi? 2) Prezidentdek inson bo‘lib o‘tgan voqeada o‘z aybdorlik hissini aytib turgan vaqtda, Farg‘ona viloyati hokimi «pichoqni oldin o‘ziga urib», Toshloq tumani hokimiga qilgan «tavsiyasi»ga o‘zi amal qilib, MARDlik ko‘rsata oladimi? Shu savollarimga javob olishda amaliy yordam bersangiz. Sizlardan minnatdormiz.

* * *

Assalomu alaykum KUN.UZ xodimlari! Biz yangiliklaringizni muntazam kuzatib boramiz. Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Toshloq fuqarolarini insoniylikka, o‘zbekchilikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan haqorotlar bilan haqoratlagani juda ko‘nglimizni xira qildi. Muhtaram prezidentimiz «Barcha — kichik xodim bo‘ladimi yoki butun shahar hokimi bo‘ladimi, xalqning dardini his qilib yashang, ularga xato qilsa tanbeh, dakki emas, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatinglar», demoqda. Haqiqatan ham, prezidentimizning so‘zlari, fikrlarining teskarisini, aksini ko‘rsatishmoqda bundaylar. Toshloq tumani fuqarolari shunchalik yomon insonlar bo‘lsa, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish kerak. Viloyat hokimi bergan besh million yordamni o‘lgandan keyin emas, tirikligida yordam qilganida balkim ular shu yerning o‘zida biror ishning boshini tutgan bo‘larmidilar?

Qolaversa, hokim, siz yordam qilgan emassiz, u pullarni o‘zingizning yoningizdan, o‘z cho‘ntagingizdan emas, byudjyet hisobidan bergansiz. Hajga esa Alloh suygan bandalar, nasib qilganlar boradi. Siz hozir mo‘min-musulmonlarni ham yerga urdingiz. Mo‘min kishi bunday haqorat qilmaydi. O‘zingiz shu ish faoliyatingizda urishmasdan, birovni so‘kmasdan biror ishni qoyil qilganmisiz?! Undan ko‘ra televideniyeda ularning oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildiring. Sizning qilgan bu jirkanch majlisingizda qatnashgan davlat xizmatchilari sizdan qo‘rqqanidan “xo‘p-xo‘p”, deyishmoqda.

KUN.UZ ijodkorlari, shu mavzuni kengroq, oydinroq yoritishingizni so‘rab qolamiz. Vafot etgan toshloqlik fuqarolar yaqinlariga — yurtdoshlarimizga chuqur hamdardlik bildiramiz.

* * *

Farg‘ona viloyati hokimining selektor yig‘ilishidan yozib olingan audioyozuvni eshitib, shu mamlakatning fuqarosi sifatida shunchaki tinglovchi bo‘lib qolishni istamadim. Hattoki davlat prezidenti Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida halok bo‘lgan fuqarolarimiz uchun ularning oila a'zolari oldida o‘z hamdardligini bildirib, bu mudhish voqeaning asl sabablariga to‘xtalib, xalqimiz oldida rahbarlarning hali ko‘p qarzi borligini ochiq-oydin aytdi. Bu hokim janoblari esa Toshloq tumanida ahvolni yaxshilash uchun tizimli ish olib borish o‘rniga, ularni haqoratlasa?! Haj ziyoratidan mahrum etsa! Yangicha fikrlash, muammolarning optimal yechimini topish, odamlar bilan til topishish, xalqini sevish va ishonchiga sazovor bo‘lish bu hokimga umuman yot bo‘lsa kerak. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot sari intilish yo‘lida eskicha fikrlovchi bunday rahbarlardan voz kechish vaqti kelmadimikan?

* * *

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ham bo‘lib o‘tgan ushbu voqea qizg‘in muhokama ostida qolgan. U yerdan ham ayrim fikrlar keltirib o‘tiladi:

Hokimning gaplarini eshitdim. «Prezidentimiz aytdi: hajga borish uchun qo‘ni-qo‘shnilarning holidan xabar olgan, adashganni yo‘ldan qaytargan kishilar boradi», deb ta'kidladi. Toshloq tumanida 16 odam halok bo‘ldi ularni qaytarib qoladigan, ish bilan taminlaydigan, yordam beradigan odam yo‘qmikin? Menimcha, viloyat hokimi tuman hokimi va mutasaddi tashkilotlarning vakillarini so‘kayapti. Vafot etganlarga joni achib, ularga ish topib bera olmagani, Toshloq tuman hokimini harakatsizligi uchun ularni so‘kyapti, shekilli. Hokim bu ishlarga o‘zini aybdor deb bilib, bu ayb Toshloq tuman hokimligi vakillarining aybi, deyapdi.

* * *

Hokim aqlli-farosatli, vijdonli, madaniyatli, har bir masalaga e'tibor bilan qaraydigan, g‘amxo‘r inson bo‘lishi kerak. Bu qanday muomala?! Haqorat, so‘kish, yerga urish rahbarlarga hech ham yarashmaydi. Ayniqsa, hamma qayg‘uda bo‘lgan ayni paytda bu g‘irt vijdonsizlik-ku?!

* * *

Bu qanday bir og‘zi shaloq insonki, butun bir tuman ahlini haqorat qilsa?! «Xohlasa ustimdan yozaverishsin», deb hech kimdan qo‘rqmayman, demoqchimi?! Oyog‘i yerdan uzilgan inson shu emasmi?

* * *

Viloyatimiz hokimi «butun respublikaga viloyatni sharmanda qilding», deb haromidan haromiga solibdi-ku?! Ayni paytda o‘zi butun respublikaga Farg‘onani sharmanda qilganidan bexabar! Hammaning tilida va gapida «nahotki Farg‘ona viloyati hokimi shundoq bo‘lsa?», degan ajabxanda.

* * *

«Qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar», degani shu bo‘ladi. Bu musibatga bundoq yondashish madaniyatsizlik belgisi. Bugun toshloqliklargayam va boshqalargayam hamdard bo‘lish kerak.

* * *

Viloyat hokimi yig‘ilishida viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari qatnashishdi. Ular hokimga qarshi gapira olishmaydi, chunki ularning o‘zlarining «orqasi» toza emas. Shuning uchun qarshi gapirmasdan, ma'qullab o‘tiraverishadi. Ishonavering, agar siz ham biror lavozimda bo‘lganingizda va shunaqa yig‘ilishlarda qatnashsangiz, «unaqa derdim, bunaqa derdim», degan gaplaringizni shartta ayta olmasdingiz... Qolaversa, bu narsa faqat Farg‘ona viloyati emas, balki ko‘pgina viloyatlardagi yig‘ilishlarda bo‘lib turadigan, odatga aylangan hol... «O‘g‘ri o‘g‘rimas, qo‘lga tushgan o‘g‘ri», deganlaridek, Farg‘ona viloyati hokimi tushib qolibdi.

 

Top