Jamiyat | 22:19 / 03.02.2017
22515
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik mashhur aktyor Dmitriy Dyujyev o‘zbekistonlik talabaning filmida suratga tushadi

Rossiyalik taniqli kino va teatr aktyori, kinorejissyor, “Brigada”, “Jmurki”, “Ostrov” kabi o‘nlab filmlarda bosh qahramon obrazini yaratgan Dmitriy Dyujyev bugun Toshkent shahriga yetib keldi.

Dyujyev 2016 yilning dekabr oyida yurtimizda o‘tkazilgan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar festivalida ishtirok etib, sovrindor bo‘lgan, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabasi Muhlisa Azizovaning ishchi nomi “U” (Ona) nomli yangi qisqa metrajli badiiy filmida suratga tushadi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligining “Feysbuk”dagi rasmiy sahifasida ma'lumot qoldirilgan.

Shuningdek, bu filmda Ra'no Shodiyeva va Karim Mirhodiyevning ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

“HD CINEMA” kinokompaniyasi ushbu filmni suratga olish uchun “O‘zbekfilm” kinostudiyasi pavilonida maxsus dekoratsiya barpo qilgan. Taniqli va yosh kinoijodkorlardan iborat ijodiy guruh shakllantirilgan.

Asar bugungi kun kishilarining ma'naviy olami, hayotiy maqsadlari hamda muammolarini ilgari suradi. Voqea markazida sevimli ayolining vafotidek og‘ir fojiani boshdan kechirgan inson tarixi gavdalanadi. O‘tmish xotiralari, hayotidagi qalb jarohatlari uni so‘nggi imkon sari boshlaydi.

Filmni suratga olish ishlari 4-5 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid