O‘zbekiston | 18:10 / 28.10.2019
11185
6 daqiqa o‘qiladi

Xalq demokratik partiyasi parlamentga 150 nafar nomzod ko‘rsatdi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu yilgi saylovga o‘zgacha shijoat, ko‘tarinki kayfiyat, eng muhimi, aniq g‘oya va maqsadlar bilan kirib bormoqda.

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Bugun poytaxtimizdagi “International hotel Tashkent” mehmonxonasining muhtasham Amir Temur zalida Xalq demokratik partiyasining qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlaridan ko‘rsatilgan delegatlar, partiyaning respublika miqyosidagi faollari, xayrixohlari hamda OAV vakillari qatnashgan ishtirok etgan qurultoyda partiyaning bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama etildi.

Qurultoyda dastlab O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining 2015-2019 yillardagi faoliyati yuzasidan tayyorlangan hisobotlari qurultoyda atroflicha muhokama etildi.

Hisobot davrida ustuvor dasturiy maqsad-vazifalardan kelib chiqib, partiya fraksiyasi a'zolari 500 dan ortiq qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etgan. Shuningdek, partiya fraksiyasining tashabbusi bilan Hukumat vakillarining 50 dan ortiq hisobot va axborotlari eshitilgan.

Partiya fraksiyasi a'zolari mamlakatimizning barcha hududlarida saylovchilar bilan 10 mingdan ortiq uchrashuv o‘tkazgan, ularda 800 mingdan ortiq aholi vakillari bilan muloqot olib borilgan. Jarayonda aholini o‘ylantirayotgan 50 mingdan ortiq masala aniqlanib, ularning 45 mingdan ortig‘i vakolatli organlar yordamida ijobiy hal etilgan. 5 mingga yaqin murojaatning yechimi bo‘yicha mutasaddi idoralar va partiya tashkilotlari bilan birgalikda ish olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan hisobot davrida jami 3 243 ta masala va muammo o‘rganilgan. Shundan 2 266 ta masala doimiy komissiyalarga, 1 407 ta masala sessiyalarga olib chiqilib, ijro hokimiyati idoralariga oldiga aniq vazifalar belgilanishiga erishilgan.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 22 531 ta masala bo‘yicha deputatlik so‘rovlari yuborilib, 17 675 ta masala ijobiy hal etilgan.

Partiya kengashlari qoshida faoliyat yuritayotgan 214 ta Jamoatchilik qabulxonasiga respublika bo‘yicha jami 64 288 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 40 412 tasi yoki 63 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar nazoratga olingan.

Joriy yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra Xalq demokratik partiyasi a'zolari soni 496 396 nafar. A'zolarning o‘tgan 5 yillikdagi tabiiy o‘sishi 101 439 nafarni tashkil qilmoqda. Xususan, ayollar 64 389 nafarga, yoshlar 63 667 nafarga ko‘paygan.

Shundan so‘ng qurultoyda Xalq demokratik partiyasining bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq eng muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovlar munosabati bilan Saylovoldi dasturi delegatlar e'tiboriga taqdim etildi.

Partiya Saylovoldi dasturiga uchta g‘oya umumiy asos sifatida olingan. Bular – ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya.

Alohida jihati shundaki, partiya Saylovoldi dasturi yangicha yondashuv bo‘yicha “piramida” shaklida ishlab chiqilgan. Ya'ni, hududlarga xos eng muhim masalalarni belgilab olish, kelajakda deputatlik birlashmalari orqali amaliy va aniq natijalarga erishish uchun quyidan yuqoriga, “okrug – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tartibiga amal qilinadi.

Partiyaning yangi Saylovoldi dasturida xalqimizni o‘ylantirib kelayotgan ko‘plab dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha yangi va qat'iy tashabbuslar o‘rin olgan. Xususan, dasturda millionlab yurtdoshlarimizning kundalik turmushini yaxshilash, ularning huquq va manfaatlarini amalda ta'minlash uchun “Yashash minimumi”, “Iste'mol savatchasi”, “Davlat minimal ijtimoiy standartlari” to‘g‘risidagi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan.

Shuningdek, dasturda aholining kam ta'minlangan qatlamlari, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasini oshirish, kundalik iste'mol tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini ta'minlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, shifokorlar, o‘qituvchi va pedagoglarning himoyasini kuchaytirish, qishloq odamlarining yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Partiyaning ustuvor maqsad va g‘oyalari hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi manfaatlari himoyasi bilan bog‘liq takliflar joy olganini hisobga olib, qurultoy delegatlari Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.

Xalq demokratik partiyasi parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodlar ilgari surish masalasiga ulkan mas'uliyat bilan yondashdi.

Qurultoyda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala muhokamaga qo‘yilib, har bir okrugdan ilgari surilayotgan nomzodlar haqidagi ma'lumotlar birma-bir o‘qib eshittirildi.

Xalq demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov uchun tashkil etilgan 150 ta okrugdan 150 nafar nomzodini ilgari surdi. Delegatlar barcha nomzodning partiya nomidan saylovda deputatlikka nomzod bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi.

Shunday qilib, qurultoyda Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 150 nafar nomzodi tasdiqlandi.

Qurultoyda partiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalar ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati

Mavzuga oid