Futbol bo‘yicha 2018 yilgi O‘zbekiston milliy chempionati superligasi o‘yinlari oldidan «Navbahor» klubining yangi logotipi va yangi futbolchilari taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Namangan shahridagi «Markaziy» o‘yingohining bezatilgan foyesida bo‘lib o‘tgan tadbirda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Olimjon Isayev, klub futbolchilari, klub muxlislaridan tashkil topgan fan-klub a'zolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, stadionda muxlislar uchun «Nafis teks group» korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan klub futbolkalari, kepkasi, sport liboslarini sotuviga mo‘ljallangan ko‘chma shoxobcha tashkil etildi. Shoxobcha har galgi o‘yin oldidan muxlislarga xizmat ko‘rsatadi. 

Marosimda qatnashgan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Xayrullo Bozorov  millionlar o‘yini ixlosmandlarini yangi mavsum kirib kelishi bilan qizg‘in tabriklagan. Jamoaning yangi logotipida aks etgan lochin o‘tkir ko‘zi, doimo baland marralarni ko‘zlovchi, nishonni aniq olib, maqsad sari olg‘a intiluvchi aqlli, tez uchadigan qush ekanini ta'kidlagan. U mamlakat futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan «Navbahor» yana chempionlik uchun kurash olib boradigan davri kelganini aytib o‘tgan.

Qayd etish joizki, «Navbahor» klubining infratuzilmasi tubdan shakllantirilmoqda. Asosiy jamoadan tashqari ayollar va futzal jamoalari, futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 17-sonli bolalar-o‘smirlar futbol maktabi klub ixtiyoriga o‘tkazildi.

O‘tgan mavsumda jamoa «kuchli beshlik»ka kirishiga katta hissa qo‘shgan 13 nafar futbolchi klubda qolgan. Jamoaga 2 nafar xorijlik legioner va ichki chempionatda to‘p surgan bir qator futbolchilar jalb etildi. Kuchli tarkibni shakllantirish maqsadida «Lochinlar» safiga Serbiyadan Tomislav Pajovich va Nedad Inyats, «Olmaliq»dan Akbar To‘rayev, «Paxtakor»dan Davron Hoshimov va Behruz Sadullayev, «Buxoro»dan Zohir Pirimov va Azamat Allaniyozov, «Metallurg»dan Abxon No‘'monov, «Dinamo»dan Sardor Sulaymonov taklif qilindi.