11:57 / 19.01.2018
17875

Rossiyadagi yana bir maktabga hujum qilindi. O‘smirlar o‘quvchilarga bolta bilan tashlanishgan

Foto: Baykal-Daily

Rossiyaning Buryatiya Respublikasi poytaxti Ulan-Ude shahridagi Sosnoviy bor harbiy posyolkasida ikki nafar o‘smir o‘rta ta'lim maktabiga hujum qilishdi. Ulardan biri, dastlabki ma'lumotga ko‘ra, 9-sinf o‘quvchisi bolta bilan qurollangan bo‘lgan va o‘quvchilarga jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng yettinchi sinf kabinetida yong‘in boshlangan – hujum qilgan shaxs u yerga «Molotov kokteyli»ni uloqtirgan.

FVV ma'lumotlariga ko‘ra, yong‘in maydoni 15 kvadrat metrni tashkil etgan, uni bir necha daqiqa ichida o‘chirishgan. Maktabdan taxminan 500 kishi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Darslar bekor qilingan.

Hujum qilganlarning harakatidan kamida besh kishi jabrlandi: 13 yoshdagi to‘rt nafar yettinchi sinf o‘quvchisi bolta bilan jarohatlangan bo‘lsa, o‘qituvchi bosh miya jarohatini olgan. Olovdan esa hech kim jabr ko‘rmagan. «Interfaks» xabariga ko‘ra, hujum qilganlar qizlardan birining barmog‘ini chopib tashlashgan.

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotga qaraganda, hujum qilganlardan biri o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. RF Tergov qo‘mitasining Buryatiya Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Gumonlanuvchi qo‘lga olindi, uning ehtimoliy sheriklari qidirilmoqda. Mash ma'lumotlariga ko‘ra, maktabga ikki emas, balki uch kishi hujum qilgan.

Buryatiya hukumatining izohida aytilishicha, hujumda uch kishi ishtirok etgan – ulardan biri qo‘lga olindi, ikki nafari politsiya tomonidan qidirilmoqda. Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, o‘smirlar maktabga mahalliy vaqt bilan soat 9:35da (Toshkent vaqti bilan 5:35) kirishgan va niqoblar taqib olishgan. Voqea joyida prokuratura, armiya qo‘mondonligi, Tergov qo‘mitasi ish olib bormoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Perm shahridagi maktabga hujum qilingani, 8 o‘quvchi va bir o‘qituvchi pichoq bilan jarohatlangani xabar berilgandi.

Top