19:19 / 20.09.2017
13168

Edinson Kavani «PSJ»da ortiqchami?

Parijda yulduzlar uzoq vaqt charaqlab turmaydi.

«PSJ»ning ikki futbolchisi Neymar va Edinson Kavani munosabatlari taranglashishi voqeasi hafta mavzusiga aylandi. Avvaliga ikki futbolchi maydonda to‘pni talashdi, o‘yindan keyin esa ular kiyim almashtirish xonasida o‘zaro mushtlashib ketishiga bir baxya qoldi. «PSJ» bosh murabbiyi Unai Emeri vaziyatga aralashmaslikni afzal ko‘rdi, klub prezidenti Nosir Al-Xalayfiy esa vaziyat jurnalistlar yozayotgani kabi tarang emasligini ma'lum qilib, OAVni to‘qimachilikda aybladi. Keyinroq OAVda klub prezidenti bu vaziyatni futbolchilar bilan muhokama qilgani, Edinson Kavani jamoaning birinchi raqamli penaltichisi, Neymar zaxira penaltichi bo‘lishi ma'lum qilindi. Lekin, bu muammo hal qilindi, degani emas. Neymar bunga osonlik bilan ko‘nmasligi aniq. Uning murakkab xarakteri haqida sobiq jamoadoshi Xavi ham shov-shuvli fikr bildirdi.

«Neymar «Santos»da jarima zarbalari va penaltilarni amalga oshirib o‘rgangan. Shuning uchun har doim shu mas'uliyatni bo‘yniga olishga intiladi. Esimda, u «Barselona»ga o‘tganida ham qiliq ko‘rsatgandi. «Real Sosedad»ga qarshi kechgan o‘yinda hakam jarima zarbasi belgiladi. Tabiiyki, to‘p oldiga Messi yaqinlashdi. Shunda Neymar kelib to‘pni o‘ziga berishni so‘radi. Messi esa murabbiy bu ishni o‘ziga topshirganini aytdi va jarima zarbasini golga aylantirdi. Neymar esa indamadi. O‘ylashimcha, agar Kavani ham penaltini golga aylantirganida hech narsa bo‘lmasdi», dedi Xavi.

Edinson Kavani «PSJ»da oxirgi mavsumni o‘tkazmoqdami? Quyida bunga dastaklar keltiramiz.

№1. Standart vaziyatlar
Fransiya chempionatining navbatdagi turida «PSJ» va «Lion» o‘rtasida ro‘y bergan mojaroli vaziyat muammoning yuzaga chiqishi edi. Avtogollar va penalti vosita. Gap jamoa muhiti buzilganida.

Dushanba kuni mamlakatdagi asosiy sport nashri bo‘lmish L’Equipe gazetasi muqovasida bu o‘yindagi asosiy vaziyat, Neymar va Kavani penaltini kim tepishi bo‘yicha bahslashayotgani surati aks etgan, unga «Muvaffaqiyat uchun qimmat yo‘q» deya izoh berilgandi. Penalti golga aylanmadi, ammo uning ortidan haftaga tatigulik mojaro boshlandi.

 

Bu epizoddan oldinroq «Lion» darvozasi tomon jarima zarbasi belgilanganida Edinson Kavani zarbani amalga oshirishga chog‘langan, ammo klubning yangi futbolchilaridan biri Dani Alves to‘pni undan tortib olib, Neymarga berib yuborgandi. O‘yindan keyin Alves to‘pni o‘zi tepmoqchi bo‘lib olgani, ammo Neymar undan olib ketganini aytdi, lekin tabiiyki bu gapga hech kim ishonmadi.

Braziliyalik futbolchi gol bo‘lmagan bo‘lsada, zarbani yaxshi amalga oshirdi, mehmonlar darvozaboni to‘pni amalllab maydondan tashqariga chiqarib yubordi.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan Kilian Mbappe jarima maydonida yiqitildi va 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. To‘pga Kavani yetib keldi va zarbani ijro etishga chog‘lana boshladi, uning yonida Neymar paydo bo‘ldi va to‘pni so‘radi.

Bu safar urugvaylik qat'iylik ko‘rsatdi va uni ketkazib yubordi. U zarbani ham yaxshi bergandi, ammo zarba kuchliroq chiqqani uchun, to‘p darvoza to‘siniga tegdi.

№2. Kiyim almashtirish xonasi
L’Equipe xabarlarida o‘yindan keyin «PSJ» kiyim almashtirish xonasida yanada qiziqroq voqealar ro‘y bergani aytildi. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, Kavani va Neymar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqishiga bir baxya qolgan, ularni boshqa futbolchilar ajratib qolishgan, Kavani stadionni orqa eshik orqali tark etgan. Poytaxtliklar jamoasi bosh murabbiyi Unai Emeri matbuot anjumanida bu boradagi savolga aniq javob berishdan qochdi: «Jamoada bir necha penaltistlar bo‘lishi tabiiy. Bizda biri – Kavani, ikkinchisi – Neymar. Futbolchilar kim tepishini kelishib olishi kerak. Bu masalani yana ko‘rib chiqamiz, ammo ularning ikkisi ham yaxshi ijrochilar. Men ular navbatma-navbat tepishini istardim. Agar ular kelisha olishmasa, unda kim tepishini men hal qilaman. Bu biz uchun muammo bo‘lishini istamayman».

Neymar esa Instagramda Kavanining akkauntiga obunachi bo‘lishni to‘xtatdi. Ijtimoiy tarmoqlar zamonasida bu aloqalarni uzishga teng. Shunday ekan, «PSJ» uchun muammo tug‘ilib bo‘ldi va uni hal qilish klub xo‘jayinlariga havola.


№3. O‘zaro tushunib o‘ynamaslik
Mbappeni bir chetga surib tursak (fransuz futbolchi klubga eng oxirgi bo‘lib kelgan futbolchi), Neymar va Kavani jamoada yetakchilar.

Kavani – Neymar tandemi avvaliga juda sermahsul bo‘ldi. Avgustda, chempionatning 3-turida «Gengam»ga qarshi kechgan va 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda urugvayli va braziliyalik futbolchi bir-birlarini golli pas bilan ta'minlashgandi. Asosiysi o‘yin davomida ular bir-biriga tez-tez to‘p uzatishgandi - jami 18 marta (6 pas Kavanidan Neymarga, 12 pas teskari yo‘nalishda). Keyingi o‘yinlarda esa bu futbolchilar bir-biriga 3 martadan ortiq pas uzatishi ro‘y bermadi. Parijdagi oxirgi 3 o‘yinda Kavani Neymarga faqat bir marta pas berdi!

Urugvaylik futbolchi azaldan to‘pni qizg‘anishi bilan ma'lum. «Lion» bilan o‘yinda Edinson faqat 8 marta sheriklariga to‘p uzatdi – bu uning Fransiya chempionatidagi eng past ko‘rsatkichi bo‘ldi (maydonda 80 daqiqadan ortiq harakat qilgan o‘yinlarida). Shu bilan birga, Kavani raqib darvozasiga eng ko‘p zarba bergan futbolchi bo‘ldi – 6 marta. Aniq ijro etilmagan penalti ham shuning ichida.


№4. Hujum rivoji
«Lion» bilan o‘yinda hujumlarning 24.5 foizi markazdan, ya'ni Kavani harakatlangan hududdan boshlandi. Taqqoslash uchun, hujumlarning 41.5 foizi chap qanotda (Neymar), 34 foizi – o‘ng qanotda (Mbappe) boshlandi.

Yakunda, Kavani mavsumda to‘pni qabul qilib olish bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichini qayd etdi –  12 marta. Uning bu boradagi o‘rtacha ko‘rsatkichi ham ancha yuqori: bu mavsumda 18.2 marta, o‘tgan mavsum bo‘yicha – 14.8 marta. Edinsonga eng ko‘p pas bergan futbolchi Dani Alves bo‘lgan – 4ta pas.

Avvalgi turda «PSJ» «Metts»ga qarshi o‘ynaganida Kavaniga 22 marta pas berishgandi. Hozir uning jamoadagi mavqei yomonlasha boshladi. Ko‘ramiz, keyingi turda o‘rtamiyona «Monpele»ga qarshi o‘yinda Kavani va Neymar qanday harakat qilishar ekan.

Top