O‘zbekiston | 11:39 / 08.05.2020
21930
3 daqiqa o‘qiladi

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofot ta'sis etildi. Mukofot miqdori 50 ming dollarga teng

O‘zbekiston prezidentining “Matematika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan, quyidagi bir qator muhim vazifalar belgilandi:

ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish;

iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning matematika fani bo‘yicha mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishini hamda sovrinli o‘rinlarni egallashini ta'minlash;

ta'lim berishning onlayn platformasini yaratish va amaliyotga tatbiq etish, masofadan o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish, baholash tizimining shaffofligini ta'minlash mexanizmlarini joriy qilish;

matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tizimini joriy qilish, oliy ta'limning tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida matematika fani bo‘yicha mashg‘ulotlarni ko‘paytirish hamda ta'lim berish sifatini oshirish;

matematika sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqligini ta'minlash, amaliy matematikani rivojlantirish va iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni modellashtirish asosida matematik yechimlarni ishlab chiqish.

Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi 2021 yil 1 yanvarga qadar joriy qilinadi.

Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyent davlat oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Bundan tashqari, matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta'sis etiladi.

Mukofot ikki yilda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining taklifiga ko‘ra uchta yo‘nalish (fundamental sohadagi tadqiqot, yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta'minlagan tadqiqot) bo‘yicha beriladi hamda har bir yo‘nalish bo‘yicha Mukofot sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 50 ming AQSh dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Mavzuga oid