«Bufet jangi»: Buyuk seriyaning to‘xtatilishi, Fergyusonga otilgan pitssa va boshqalar
Shanba kuni Angliya Premer Ligasida turnir tarixida durdonaga aylangan qarama-qarshilikning navbatdagi to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi. «Arsenal» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi. Hozirda ligada kuchli jamoalarning ko‘paygani tufayli, deyarli har turda bunday, ammo dastlabki yillarda bu jamoalarning o‘zaro o‘yini xuddi El-klasikodek kutilgan. E'tiboringizga o‘sha o‘yinlardan eng mashhuri, hattoki vikipediyada alohida sahifalar ochilgan tarixiy voqea haqida ma'lumotlar havola qilamiz.
2004/05 yilgi mavsumning 10-turi doirasida, 24 oktabrda bo‘lib o‘tgan bu uchrashuv «Bufet jangi» (Battle of the Buffet) nomi bilan tarixga kirgan. Avval bu o‘yinni «Old Trafford jangi-2» deb ham atashgandi, zero 2003 yilda bo‘lib o‘tgan o‘yinning davomi sifatida e'tirof etilgan.
O‘sha 2003 yilda bo‘lib o‘tgan «Old Trafford jangi» (The Battle of Old Trafford)da hisob ochilmagan. O‘yin Ruud van Nistelroyning so‘nggi daqiqalardagi amalga oshirolmagan penaltisi va uning «Arsenal» futbolchilari bilan janjali orqali yodda qolgan.
Nistelroyga ishlatilgan qo‘pollik uchun Patrik Viyeyra ikkinchi sariq kartochkasini olib maydonni tark etgan, o‘yindan keyin esa, Viyeyra hamda Arsen Venger niderlandiyalik hujumchini simulatsiyada ayblagandi.
O‘sha o‘yindan keyin, «Arsenal»ning 4 futbolchi diskvalifikatsiyaga uchragan va Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan 275 ming funtga jarimaga tortilishgandi.
Bugun biz e'tibor qaratayotgan uchrashuv mana shu voqealardan keyingi dastlabki to‘qnashuv edi. Shuningdek, «Arsenal»ning 49 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgani o‘yinning ahamiyatini yanada oshirgan bo‘lishi tabiiy. «Manchester Yunayted» o‘sha pallada peshqadamdan 11 ochko ortda borayotgandi.
O‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani bokschilarning taroziga chiqish marosimini eslatib yuborardi.
«Arsenal» futbolchilarining so‘nggi o‘yindagi qiliqlari – mening sportda ko‘rgan eng jirkanch harakatlardir», – deydi Aleks Fergyuson.
«Balki bizni devorga terib qo‘yib, hammamizni otib tashlarsiz. Shunda qutulasiz», – deb javob beradi Arsen Venger.
Uchrashuvda «Manchester Yunayted» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va «Arsenal» mag‘lubiyatsiz seriyasini 50ta o‘yinga yetkazishiga yo‘l qo‘ymaydi. O‘yin turli bahsli vaziyatlarga boy bo‘ldi, har ikki tomon bir-birini sport qoidalariga amal qilmaslikda, simulatsiyada aybladi, hakam ustidan shikoyat yoziladi.
Keskin o‘tgan o‘yinning 72-daqiqasigacha hisob ochilmagandi. Ueyn Runi jarima maydoni ichkarisida Sol Kempbell bilan to‘qnashadi va yiqilib tushadi. Kempbell qoida buzmaganini ta'kidlagan bo‘lsa-da, bosh hakam Mayk Rayli penalti belgilaydi.
Ruud van Nistelroy penaltini aniq amalga oshiradi, so‘nggi daqiqada esa, Ueyn Runi hisobni 2:0 ko‘rinishiga yetkazdi.
O‘yin tugagach, Sol Kempbell Runiga qo‘l berishdan bosh tortdi, «Old Trafford» yo‘lagida esa, har ikki jamoa futbolchilari bir-birlarini haqorat qila boshladilar. Hatto «Arsenal» futbolchilaridan biri Aleks Fergyusonni «pitssa» bilan siylagani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik, Eshli Koul o‘z avtobiografiyasida bu voqeani esga oldi va o‘shanda pitssani Fabregas irg‘itganini oshkor qildi, ammo Koul Sesk murabbiyni nishonga olmaganini ta'kidladi. Shu yili Sesk Fabregasdan ham bu haqida so‘rashdi: «Ha, pitssani men otgan edim. Bir necha «MYu» futbolchisi to‘planib turgan tarafga qarab otdim, ammo tasodifan u Fergyusonga borib tegdi», – dedi ispaniyalik yarim himoyachi.
Fergyuson bu voqeani sharhlashni istamadi, uni ko‘proq hamkasbining harakatlari qiziqtirar edi go‘yo.
«Tunnelda Arsen Venger mening futbolchilarimni qo‘pollikda, simulyatsiyada ayblay boshladi. Men unga shogirdlarimni tinch qo‘yishni va o‘z futbolchilari bilan shug‘ullanishini maslahat berdim. U hatto shogirdlari qilgan ish uchun uzr ham so‘ramadi. Men buni kutganim ham yo‘q edi, Venger – o‘zi shunaqa odam», – dedi shotlandiyalik murabbiy.
«Arsenal» bosh murabbiyi Arsen Venger o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Runini simulatsiya ishlatganlikda aybladi. Tabiiyki, uchrashuv bosh hakami Mark Rayli ham Vengerning tanqidlari ostida qoldi. Ruud van Nistelroyga nisbatan Eshli Koulga qilingan qo‘polligi uchun ayblov e'lon qilindi. Hujumchi aybini tan oldi va uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.
«Biz bu o‘yinning mavsumdagi eng jiddiy to‘qnashuv bo‘lishini bilardik. Rayli o‘yinga xalaqit bermaslikni maqsad qildi. O‘yinning erkinroq o‘tishini ta'minlash va futbolchilarning emotsiyaga berib ketmasliklarini oldini olishga urindi va o‘ylaymizki, hakam bu vazifani a'lo darajada bajardi», – deb vaziyatga izoh berdi APL hakamlar qo‘mitasi boshlig‘i Keyt Hakett.
«Rayli o‘yin natijasini hal qildi va bu ishni u «Old Trafford»da juda yaxshi uddalashini bilamiz. Penalti bilan bog‘liq vaziyat noto‘g‘ri qaror bilan tugadi, axir Runining o‘zi ham kontakt bo‘lmaganini aytib turibdi-ku? Biz faqat o‘z o‘yinimizni yaxshilash ustida ishlay olamiz, ammo hakamlarni yaxshi qilib qo‘ya olmaymiz. Biz doimo «Manchester Yunayted» stadionida o‘ynasak, va ularga gol kerak bo‘lsa, hakamlar penalti belgilashiga o‘rganib qoldik. O‘tgan safar ham shunday bo‘lgan edi». Arsen Vengerni to‘xtatib bo‘lmay qolgandi.
«Hech qaysi o‘yinda meni bu qadar ko‘p tepishmagandi», – deb eslaydi «Arsenal»ning sobiq ispaniyalik hujumchisi Xose Antonio Reyyes.
«Bunday voqealarga ko‘nikish kerak, biz ko‘nikib bo‘ldik», – dedi o‘sha paytlarda Roy Kin bilan o‘zaro janjallari bilan mashhur bo‘lgan Patrik Viyeyra.
O‘sha mavsumdagi javob o‘yini oldidan, «Hayberi»da Roy Kin va Viyeyra chiqish yo‘laklarida urishib ketishdi. Avvaliga Viyeyra Gari Nevilni ataylab turtib o‘tib ketdi. Viyeyra himoyachi«Old Trafford»dagi o‘yinda Xose Antonio Reyyesga qilgan qo‘polliklarini eslatdi. Janjalga Roy Kin aralashdi va faqat bosh hakam Grem Polning kelib qolishi vaziyatni yumshatdi.
O‘yin «MYu»ning 4:2 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi. Bu o‘yin ham juda keskin o‘tib, mehmonlardan Mikayel Silvestr maydondan chetlatilgandi.
«Yunayted» mavsumdagi bu janglarni yenggan bo‘lsa-da, yakunda chempion bo‘la olmadi. «Arsenal» ham unvonni himoya qilishning uddasidan chiqmadi «Chelsi»dagi ilk mavsumini o‘tkazgan Joze Mourino uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, londonliklarni chempionga aylantirdi.
O‘sha o‘yinlarda qatnashgan futbolchilardan faqat Ueyn Runi hozirda futbol o‘ynamoqda, u ham «Everton» safida.
Indinga bo‘ladigan o‘yinning qahramonlari ham boshqa. «Arsenal» o‘sha mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan mavsumidan keyin chempion bo‘la olgani yo‘q. «Manchester Yunayted» esa, bir necha yildan buyon Fergyuson davrini tiklashga muvaffaqiyatsiz urinmoqda. Premer Ligasining azaliy to‘qnashuvidagi navbatdagi sahifa ham juda qiziq o‘tishi shubhasiz.
Mavzuga oid
15:52 / 10.11.2024
«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024