Fan-texnika | 10:28 / 10.01.2017
6549
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya FM-radiodan voz kechmoqda

Norvegiyada 11 yanvardan FM-diapazonda ishlovchi radiostansiyalar sekin-asta yopila boshlanadi, bir necha oydan keyin esa oddiy radiopriyomnik tutishi mumkin bo‘lgan katta radiostansiyalar qolmaydi. Gap shundaki, Norvegiya raqamli radioga to‘liq o‘tayotgan va FM diapazonni yopayotgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lmoqda. Biroq ko‘pchilik norveglar bu qarorni qo‘llab-quvvatlashmayapti. Quyida bu batafsil ko‘rib chiqilgan.

Norvegiyada FM-radiodan voz kechishga 2 yil avval qaror qilingan. Buni amalga oshirish uchun bir necha muhim shartlarni bajarish kerak bo‘lgan. Birinchidan, umummilliy NRK radiosi raqamli radio bilan mamlakatning 99,5 foiz hududini qoplab olishi kerak. Ikkinchidan, radiotinglovchilarning kamida yarmi har kuni raqamli formatdagi radioni tinglashlari kerak. Uchinchidan, bozorda raqamli radioni avtomobillarda qabul qilish uchun arzon adapterlar paydo bo‘lishi lozim. Shu tariqa, Norvegiya uning aholisi raqamli radioga tayyorligiga ishonch hosil qilgan holda FM-radiodan voz kechmoqda.

Ushbu skandinav davlatida barcha radioeshittirish raqamli bo‘ladi. Hozirda FM-diapazonda 5 ta milliy va yana bir nechta hududiy radiostansiyalar ishlamoqda. Raqamli DAB formati esa 40 dan ko‘proq stansiya signalini uzatishga imkon beradi. Hozirning o‘zidayoq raqamli formatda 20 ta stansiya ishlamoqda. Norvegiyada raqamli radiosignalni qabul qiluvchi statsionar qabul qilgichlar bilan muammo yo‘q, biroq avtomobillar borasida bunday deb bo‘lmaydi, chunki 20 foiz avtomobilgina DAB-signalni qabul qiladigan priyomniklar bilan jihozlangan.

Norvegiya hukumatining ta'kidlashicha, raqamli signalning bir necha afzal jihatlari bor: unda radioeshittirish arzonroq va ishonchliroqdir, ayniqsa, oddiy signalning o‘tishiga halaqit qiluvchi tog‘li hududlarda. DAB formatining ovozi yaxshiroq. Bundan tashqari, Norvegiyadagi mavjud radioeshittirish tizimi anchagina zamondan ortda qolgan va unga xizmat ko‘rsatish qimmatdir.

FM-radio sekin-asta o‘chiriladi. 11 yanvardan boshlab mamlakat shimolidagi Bodo shahri, keyin 2017 yil davomida qolgan hududlarda an'anaviy radiosignal amal qilmay qo‘yadi. Yil oxiriga kelib milliy stansiyalar FM’da umuman faoliyat ko‘rsatmaydi, mahalliy radiostansiyalar esa undan yana bir necha yil foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Biroq so‘rovnomalarga ko‘ra, norveglarning uchdan ikki qismi bu qarordan norozi. Ba'zilar FM-radiostansiyalarda uzatiluvchi favqulodda vaziyatlar haqidagi signallardan mahrum bo‘lishlaridan xavotirlanmoqdalar, boshqalar esa raqamli radioni mashinada ushlash uchun qimmat adapter sotib olish kerakligidan shikoyat qilishmoqda. Ma'lum qilinishicha, aholisi 5 mln kishi bo‘lgan Norvegiyada 15 mln ta FM-priyomnik bor va yaqinda ular umuman kerakmas bo‘lib qoladi. Nashrning ta'kidlashicha, bunga qarshi chiqayotganlarning aksariyatini keksa yoshlilarni tashkil qiladi, yoshlar esa bunga qarshimas.

Mavzuga oid