O‘zbekiston | 11:44 / 02.12.2021
18833
2 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihonlar avtomatlashtirilgan tizim orqali inson omilisiz o‘tkaziladi

Kelgusida haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihonlar respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich xususiy markazlarda amalga oshiriladi. Bu haqda IIV YHXBB xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, prezidentning «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik sub'yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berildi.

YHXBB ma'lumotiga ko‘ra, tez orada Prezident qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tashkil qilingan xususiy imtihon markazlari o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Mazkur markazlarda imtihonlar to‘liq inson faktoridan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. 

“Kelgusida haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihonlar respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich xususiy markazlarda olinadi. Bu esa faqat nazariy hamda amaliy bilimlar bilangina haydovchilik huquqini qo‘lga kiritish mumkin, degani.

Shu sababli, barcha avtomaktablar ma'muriyatidan o‘z o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘rgatib, haydovchilik huquqini olish masalasiga mas'uliyat bilan jiddiy e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi axborotda.

Mavzuga oid