O‘zbekistonda bu insonni tanimaydigan futbol ishqibozini topish qiyin. O‘zbekiston “Aleks Fergyussoni” nomini olgan Yuriy Vazgenovich Sarkisyan yurtimiz futbolida eng ko‘p sovrinlarni yutib olgan murabbiy sanaladi. Uzoq yillar davomida Farg‘onaning “Neftchi” futbol jamoasini boshqargan Yuriy Sarkisyan ayni kunlarda Toshkentning “Bunyodkor” klubida Mirjalol Qosimovning maslahatchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Kun.uz ijodiy guruhi Yuriy Vazgenovich bilan ochiq muloqot qilish maqsadida uchrashdi.
Bo‘sh stadionlar
Odamlar futbol ko‘rishga keladi. Har bir shaharda esa har bir ishqiboz o‘z jamoasiga muxlislik qiladi va albatta o‘zining sevimli klubi g‘alaba qozonishini istaydi. Nega odamlar stadionlarga kelmayapti? Men 1986 yilning noyabrida “Neftchi”ni qabul qilib olib, 2013 yilga qadar ishladim. Bizda Farg‘onada stadion to‘la bo‘lardi. O‘yindan bir soat avval odamlar bilan liq to‘lardi. Sababi yaxshi bilishardi – biz har bir o‘yinga xuddi oxirgi bahsga kabi tushardik.
O‘zbekiston va “Neftchi”dagi faoliyatning boshlanishi
Men 1968 yilda O‘zbekistonga kelganman. Futbol o‘ynashni boshladim, keyin otam menga aytdi: “Futbolni tashla, ta'lim olish kerak”. 1969 yilda Yerevan aeroportida “Termiz” murabbiyi bilan uchrashib qoldim. U menga taklif bilan chiqdi. Termizga jo‘nab ketdim, 1970-1975 yillar davomida o‘ynab, o‘sha yerda institutni tamomladim. So‘ng Farg‘onadan taklif tushdi. O‘shanda menga Farg‘ona juda ham yoqib qoldi. Shu yerda o‘z baxtimni ham topdim. 1986 yilning noyabrida esa jamoani qabul qilib olganman. Qatorasiga to‘rt yil sovrinli o‘rinlarni egallab keldik. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ketma-ket 4 yil mamlakat chempioni bo‘ldik. Men 17 yil davomida ta'til olmaganman. Butun O‘zbekiston bilardiki, hamma ta'tilda ekanida biz o‘yinlarni kuzatish bilan shug‘ullanardik va yosh iqtidorlarni tanlab olardik. O‘zbekistonda juda iste'dodli futbolchilar bor. Faqatgina bu bilan shug‘ullanish kerak. Albatta, bu og‘ir ish, lekin ishonchli. Sababi sen topib, olib kelib, hayotga yo‘llanma beradigan o‘yinchilar ular senga xuddi shu narsani qaytaradi.
Kelishilgan o‘yinlar haqida

Har kim o‘zining fikrini aytadi. Men o‘z hayotimda hech qachon bitta ham kelishilgan o‘yinda ishtirok etmaganman. Men umuman bu nima ekanini ham tushunmayman. Bu haqda gapirishning o‘zi uyat men uchun. Sababi kishilar oilasi, ishlarini tashlab futbol ko‘rish hamda undan lazzat olishga keladi. Bu mening xayolimda ham bo‘lmagan. Bilasizmi, ba'zilar gapiradi, boshqalar esa ishlaydi. Men bunday narsalarni tushunmayman. Menga bu haqda gapirish ham juda mushkul.










