19:01 / 07.10.2017
30940

Sergelidagi uylar nega o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmadi?

Sergeli tumanining 6-mavzesida 66 ta 7 qavatli uy bunyod etilayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu uylar qurilishi mustaqillik bayramining 26 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq nima sababdan turar-joylar belgilangan muddatda oilalarga topshirilmadi?

KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, mazkur masalaga Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Toshkent bosh arxitektori Asomiddin Tojiyev matbuot anjumani chog‘ida oydinlik kiritdi:

"Ochig‘ini aytish kerak, biz qurilayotgan yangi binolarni "Navro‘z", "Mustaqillik" arafasida topshirilishiga o‘rganib qolganmiz. Sergelidagi uylarni sentabr oyida topshirilmaganining sababi shundaki, chala bitmagan uy topshirgandan ko‘ra, noyabrda to‘liq holda topshirishni oldimizga maqsad qildik. Kundalik hayotda ham bir nima mo‘ljal qilsak, doim rejadagidek chiqavermaydi. Asosiy muammo tashqi kommunikatsiya masalasida bo‘ldi. Sergelida yer osti suvining balandligi 1,5 metr bo‘lib, kanalizatsiya, kabel, gaz o‘tishining bir-biri bilan to‘qnash kelishi ham muddat cho‘zilishiga ta'sir ko‘rsatdi. Keyin yetti qavat bino bilan besh qavat bino qurishning farqi bor", - deya javob berdi Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asomiddin Tojiyev. 

Tojiyev shuningdek, nima uchun joriy yilda to‘qqiz qavatli turar-joylar qurilmaganiga ham izoh berib o‘tdi: 

"Hozir bizlarda ko‘p qavatli bino qurish uchun kran muammo bo‘lmoqda. Kranlarga ehtiyojimiz mavjud. Nasib qilsa kelasi yildan to‘qqiz, o‘n ikki, o‘n to‘rt, o‘n olti qavatli uylar qurishni boshlaymiz. Bu yil Sergeli bizlarga poligon bo‘lib xizmat qildi, desak ham bo‘ladi. Shuningdek, quruvchilar mahoratini ham sinovdan o‘tkazdik".

Toshkent bosh arxitektorining so‘zlariga ko‘ra, Sergelidagi binolarni qurishda materiallardan yetishmovchilik bo‘lmagan. Sergelida aholi uchun bapo etilayotgan yangi binolar shu yilning oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur turar-joylar tufayli 2 ming 500 dan ziyod oila yangi uyga ko‘chib o‘tadi.

Top