02:53 / 05.06.2017
13292

O‘zbekiston va Chexiya prezidentlari Ostonada uchrashuv o‘tkazishadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chexiya prezidenti Milosh Zeman bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Chexiya sanoat va transport ittifoqi vakili Eva Velichkovaning tasdiqlashicha, uchrashuv Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Astana Expo 2017 ko‘rgazmasi chog‘ida bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv mobaynida ikki davlat rahbarlari ikkitomonlar investitsion loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy sohada hamkorlik masalalarini muhokama qilishadi, deyiladi xabarda.

Velichkova dushanba kuni Milosh Zeman savdo sohasidagi faoliyat ko‘rsatuvchi 60 kishilik delegatsiyasi bilan avval Vetnam, so‘ngra Qozog‘istonda bo‘lishini aytib o‘tgan.

Chexiya Respublikasi O‘zbekistonning Sharqiy Yevropadagi an'anaviy hamkori hisoblanadi. Sungi yillarda davlatlar o‘rtasida ikki tomoanlama hamkorlik faollashgan. 2015 yilda Chexiya Respublikasi parlamenti Senati raisi M.Shtex rahbarligida delegatsiya mehmon bo‘lgan edi, 2017 yilning fevralida esa Chexiya parlamentining deputatlar Palatasi raisi Yan Hamachek rahbarligida delegatsiya yurtimizga kelgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 7–8 iyun kunlari Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Sammitdan so‘ng Astana Expo 2017 ko‘rgazmasi o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan. Ushbu xabardan xulosa qilish mumkinki, Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi ShHT sammitida ham ishtirok etadi.

Top