20:53 / 09.03.2017
44193

Chorrahalardagi kameralar aynan qaysi qoidabuzarliklarni qayd etadi

Toshkentning 115ta chorrahasiga o‘rnatilgan kameralar faoliyati ikki bosqichda takomillashtiriladi. Kameralar birinchi bosqichda ikki turdagi: svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketish va ruxsat berilgan tezlikni oshirish qoidabuzarliklarini qayd etadi. Bu haqda Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Murotov ma'lum qildi. Avvalroq jarimalarni jo‘natish 15 martdan boshlanishi xabar qilingan edi.

«Qoidabuzarliklar qayd etilgach, elektron ravishda suratlari bilan birga “O‘zbekiston pochtasi”ning maxsus markaziga yuboriladi. U yerda maxsus dasturlar vositasida kvitansiyalar avtomobillar haydovchilariga avtomatlashtirilgan tartibda qoidabuzarning manzili bo‘yicha pochta bo‘limiga yuboriladi. U yerdan pochta xodimi kvitansiyani shaxsan jarimani buzgan kishiga topshiradi. Shunga binoan, jarimalarni qayd etish, yozish, yuborishda inson aralashuviga umuman yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi Murotov.

Chorrahalarni kameralar bilan qamrab olish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mazkur loyihaning sinov bosqichi uch-to‘rt oy davom etadi, keyin ikkinchi bosqich boshlanib, unda mobil telefonidan foydalanish, xavfsizlik kamarini taqmaslik kabi qoidabuzarliklar ham qayd etiladi. Shuhrat Murotovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha, bu kabi qoidabuzarliklarni YHXX xodimlari qayd etadi. 

Qizil chiroqda o‘ngga burilish ruxsat etilgan chorrahalarda kameralar o‘ngga burilishni qoidabuzarlik sifatida qayd etmaydi. Biroq, bunda haydovchi qoidaga rioya qilishi talab etiladi. Ya'ni, chorrahani yashil chiroqda kesib o‘tayotgan transport vositalari va piyodalarni o‘tkazib yuborishi shart. Hozircha, bu kabi chorraha shaharda birgina joyda mavjud. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, Yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartishlar kiritiladi.

Top