Kollejda yoki universitetda o‘qiyotgan yoshlarimiz bilan ularning kelajakdagi rejalari haqida hech suhbat qurganmisiz? O‘ylaymanki, javobingiz — «Ha», eng kamida ana shunday rejalar qulog‘ingizga chalingan. E'tibor bersangiz, ularning aksariyati chet elga borib o‘qish, ishlash va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib qaytishni, mamlakat rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni niyat qilishadi. Bunday insonlarning boriga shukr.

Avval iqtisod, keyin siyosat deganlaridek, tan olish kerak, bu masalada ham moddiy manfaat muhim rol o‘ynaydi, chunki odamlarimizda shunday fikr shakllanganki, chet elga chiqdimi, u odam qisqa fursatda katta mablag‘ga ega bo‘ladi hamda yashash sharoitlari tubdan yaxshilanadi. 

Shu boisdan ham ko‘p yillardan buyon fuqarolarimiz Rossiyaga serqatnov bo‘lib qolishdi. So‘nggi paytlarda esa Janubiy Koreya va arab mamlakatlari, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Qatar kabi davlatlarga borib ishlash ommalashdi. Rossiya va Janubiy Koreyadagi vaziyat, sharoitlar, ish va maosh qandayligi haqida har birimiz ozmi-ko‘pmi fikrga egamiz. Arab mamlakatlari haqida esa har kim turli fikr bildirganligi tufayli bunday deya olmaymiz. Keling, hozir BAAdagi (xususan, Dubaydagi) o‘ziga xos tajribamga tayangan holda bu yerdagi sharoit, muhojirlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirib bersam.

Dubay… Dunyodagi eng baland bino, eng katta savdo markazi, dengiz sathidan eng balandda joylashgan restoran, insoniyat tomonidan yaratilgan sun'iy orol, «yetti yulduzli» deya ataladigan yelkan shaklidagi eng mashhur mehmonxona kabilarni (ro‘yxatni davom ettirish mumkin) o‘z bag‘riga olgan shahar; ko‘pchilik aytadiganday, bu alohida davlat emas, balki, BAAdagi yetti amirlikning biri.

Bu shaharda turizm o‘ta rivojlangan, har qadamingizda hashamatli besh yulduzli mehmonxonalar, Michelin-Star’ga ega restoranlar, barlar, ko‘ngilochar joylar, ko‘z ko‘rib quvnaydigan yirik savdo markazlari va albatta, qishin-yozin cho‘milish mumkin bo‘lgan bepoyon dengiz bor… 

BAA islom madaniyati humkron o‘lka bo‘lsa-da, poytaxt Abu-Dabi va Dubay yetarlicha ochiq, zamonaviy, yevropalashgan shaharlar. Biz tasavvur qiladigan kondura yoki abaya (arablarning milliy libosi) kiygan, besh mahal namozni kanda qilmaydigan, spirtli ichimlik nima ekanligini bilmaydigan arablarning ochiq-sochiq kiyinishi, aysh-ishratga berilganligini ko‘rish tabiiy hol. Abu-Dabi Dubaydan farqli ravishda, o‘zining milliyligini oz bo‘lsa ham saqlab qolganiga qaramay, vaziyat deyarli bir xil. Amirliklardan faqatgina Sharja o‘zining qat'iy qoidalari bilan ajralib turadi: bu yerda spirtli ichimliklar sotilmaydi va iste'moli taqiqlanadi.

Bu davlatda rasmiy til arab tili, lekin aksariyat aholi ingliz tilida so‘zlashadi. Bundan tashqari, hind, urdu va tagalog tillari keng tarqalgan. Xullas, ingliz tilida so‘zlasha olsangiz, ko‘chada qolmaysiz.