O‘zbekiston | 10:43 / 28.03.2020
21358
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatiga kirish va chiqish to‘xtatildi

Tuman (shahar) hududlarini bog‘lovchi asosiy yo‘llardan tashqari, ichki aylanma ko‘cha va yo‘llarda harakat taqiqlandi

Foto: KUN.UZ

Xorazm viloyati hokimining 2020 yil 27 mart kuni 85F-son farmoyishga asosan 2020 yil 27 mart kuni soat 15:00dan boshlab, viloyatning barcha tumanlar va shaharlariga, shuningdek respublikaning barcha hududlariga transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) kirish va chiqish harakatlari to‘xtatildi.

Qayd etilishicha, bu viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasini viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida amalga oshirildi.

Viloyatning tuman (shahar)lariga kirish va chiqishdagi cheklovlar tashish bilan bog‘liq holatlarga, shuningdek, tuman (shahar)da doimiy yashovchi  (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga tuman (shahar)ga kirish uchun, shuningdek, tuman(shahar)dagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan tumanlarga biriktirilgan mas'ul xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tuman (shahar) hududlarini bog‘lovchi asosiy yo‘llardan tashqari, ichki aylanma ko‘cha va yo‘llarda harakat taqiqlandi.

Shahar (tuman)ga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalar majburiy dezinfeksiya qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, Urganch shahri hududida barcha qatnovlar (yo‘lovchi tashuvchi, onlayn xizmat ko‘rsatuvchi avtomashinalar, avtobus va mikroavtobuslar) harakati to‘xtatildi. Korxonalarning oziq-ovqatlarni xonadonlarga yetkazib berish avtomashinalari harakatlanishi mumkin.

Har bir tuman (shahar)lar hududlariga kirish-chiqishni nazoratga olish va avtomashinalarni dezinfeksiya qilish choralarni ko‘rish maqsadida vaqtinchalik maskan (post)lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

“Aziz xorazmliklar, Sizlarni yana bir bora karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat'iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa uyda qolishga chaqiramiz! Barcha sa'y-harakatlarimiz – aholi salomatligi va osoyishtaligi uchun! Uyda qoling!” - deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Mavzuga oid