Jahon | 08:59 / 06.12.2017
18914
6 daqiqa o‘qiladi

Arab davlatlari yetakchilari Trampning qaroriga qanday munosabatda?

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni AQShning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish haqida ma'lum qiladi. Bu yangi elchixonaning qurilishi va missiyaning ko‘chirilishiga yillar talab etilsa-da, yuz beradi, deb ma'lum qildi Oq uyning yuqori mansabli vakili jurnalistlarga.

"Prezident Davlat departamentiga elchixonani Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish bo‘yicha tegishli ishlarni boshlash haqida topshiriq berdi", - deya xabar qilgan ma'muriyat vakili maxsus brifingda.

Kutilishicha, Tramp tegishli bayonotni chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 23.00da beradi.

Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, prezident Davlat departamentidan elchixonani ko‘chirish bo‘yicha rejalar “amerikalik soliq to‘lovchilarga juda kam miqdorda ziyon keltirishi” bilan kechishi lozimligini talab qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh o‘z fuqarolari xavfsizligiga katta e'tibor qaratmoqda va uni ta'minlash uchun barcha sa'y-harakatlarni ko‘radi.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon "ma'lum bir vaqtni talab etadi, sababi joy topish kerak, xavfsizlikni ta'minlash, dizayn, moliyalashtirish va qurilish kabi masalalarni hal qilish lozim". Oq uydan ma'lum qilishlaricha, na elchixonani ko‘chirish jadvali, na uning joylashadigan joyi yo‘q, shuningdek bunga "yillar ketishi" mumkinligi ham istisno qilinmadi.

"Prezident bu to‘g‘ri qaror bo‘lgani hamda tinch yo‘l bilan hal qilish jarayoniga turtki berishi haqidagi xulosaga keldi", - deya aytib o‘tdi ma'muriyat vakili.

Tramp missiyani al-Qudsga ko‘chirish qarorini bajarishni ortga suruvchi hujjatni imzolaydi, bu to‘xtovsiz moliyalashtirishni ta'minlashga kerak. 

"Bu qarordagi hech narsa maqom, chegaralar va suverenitet haqidagi masalani yakuniy hal etishdan darak bermaydi... U al-Qudsning muqaddas joylari bo‘yicha hozirgi vaziyatni o‘zgartirmaydi... Biz falastinliklarning harakati va tinch jarayon uchun joy qoldirmoqdamiz", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi amaldor.

Foto: Nabil Abu Rudeyna

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Falastin milliy ma'muriyati rahbari Mahmud Abbosni Isroildagi Qo‘shma Shtatlar elchixonasini al-Qudsga ko‘chirish niyatida ekani haqida xabardor qildi. Bu haqda Falastin yetakchisi matbuot kotibi Nabil Abu Rudeyna xabar bergan.

"Prezident Abbos bunday qarorning tinch jarayon, mintaqa va dunyodagi xavfsizlik hamda barqarorlik uchun juda jiddiy oqibatlari haqida ogohlantirdi", - deya Rudeynaning so‘zlarini keltiradi VAFA rasmiy agentligi.

Abbos, uning matbuot kotibi so‘zlariga ko‘ra, Sharqiy al-Quds Falastin davlatining poytaxti bo‘lishi kerakligi haqidagi an'anaviy pozitsiyani tasdiqlagan. Oq uy vakilining dushanba kuni ma'lum qilishicha, AQSh yaqin kunlar ichida al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olmoqchi. Tramp, uning ma'muriyatidan xabar berishlaricha, seshanba kuni al-Quds masalasi bo‘yicha ehtimoliy qadamlarni Falastin, Isroil, Misr va Saudiya Arabistoni yetakchisi bilan muhokama qilgan.

New York Times gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, Amerika yetakchisi arab davlatlari rahbarlariga al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olmoqchi ekanini ma'lum qilgan. Nashrning yozishicha, bu haqda rasman chorshanba kuni e'lon qilinadi. Oq uy matbuot kotibi Sara Sandersning ma'lum qilishicha, qaror AQSh manfaatlariga muvofiq tarzda qabul qilingan.

Foto: Isroil transport va razvedka vaziri Israel Kats

Isroil transport va razvedka vaziri Israel Kats AQShning al-Quds bo‘yicha e'lon qilinadigan qarorini adolatli va tarixiy to‘g‘ri qadam, deb atadi. Shu bilan birga, Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini shahar maqomining o‘zgarishi Yaqin Sharq muammosiga yechim topish bo‘yicha sa'y-harakatlarga ziyon yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy Tramp bilan telefon muloqotida al-Qudsning amaldagi maqomi saqlab qolinishi kerakligini aytgan. O‘z navbatida, Iordaniya qiroli Abdulloh II AQSh prezidentini Falastin-Isroil mojarosiga yechim topish bo‘yicha umumiy rejadan tashqari qadamlar qo‘ymaslikka chaqirdi.

Foto: Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud Tramp bilan suhbatda AQShning al-Quds maqomiga doir istalgan qarori, Falastindagi mojaroga yechim topilmagunga qadar tinch jarayonlarga zarar yetkazishini ta'kidlab o‘tdi. Saudiya podshohi “bu xavfli qadam butun dunyo bo‘ylab musulmonlarning g‘azabiga uchrashi mumkinligidan ogohlantirdi, ular uchun al-Quds va u yerdagi Al-Aqso masjidi juda katta ahamiyatga ega”.

AQSh Kongressi esa uzoq 1995 yilda Isroildagi elchixonani Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish haqidagi qonunni qabul qilgan. Biroq shaharning bahsli maqomi va bu holatning arab-musulmon dunyosi bilan munosabatlardagi o‘ta nozikligi inobat olinib barcha amerikalik prezidentlar, jumladan Tramp ham, har yarim yilda bu qarorning bajarilishini ortga surib kelgan. 

Mavzuga oid