19:40 / 18.02.2018
6929

Isroil Eronga Suriyada mustahkam o‘rnashib olishiga yo‘l qo‘ymaydi - Netanyahu

Eron Suriyada erkin harakat qila olmasligi uchun Isroil bor kuchini ishga soladi. Bu haqda Myunxenda o‘tayotgan xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ta'kidlab o‘tgan, deb yozadi TASS.

«Eronning Suriyadagi niyatlari ravshan, — degan u. — Eron Tehron va Tartusni birlashtirib, yagona davlat qurmoqchi». «Isroil Eronning Suriyada harbiy harakatlarni amalga oshirishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatib qoladi», — deya ta'kidlagan Netanyahu, Isroil maxsus xizmatlarining ma'lumotlariga ko‘ra, Tehron «Suriyada bazalar yaratishga intilayotgani»ni qayd etib.

«Agar zaruriyat tug‘ilsa biz nafaqat Eronning qo‘g‘irchoqlari, Eronning o‘ziga ham qarshi harakat qilamiz», — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning Suriyadagi mojarolarga faol ravishda qo‘shilishi Isroilning vaziyatga aralashmaslik qarorining o‘zgartirilishiga olib keladi.

«Agar [prezident Bashar] Asad Eronning Suriya hududiga kirib kelishiga yo‘l qo‘yib bersa, bu bizning pozitsiyamizni o‘zgartiradi», — deya ogohlantirgan u. Netayahuning so‘zlariga ko‘ra, «Yechim Eron va Asadga bog‘liq».

Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Eronning Yaqin Sharqdagi xatti-harakatlari ma'lum bir darajada isroilliklar va arablarning yaqinlashuviga sabab bo‘lgan.

«Birgina ijobiy omil bor — Eronning harakatlari arablar va isroilliklarni yaqinlashuviga sabab bo‘ldi, ehtimol, shu yo‘l bilan isroilliklar va falastinliklar o‘rtasida tinchlikka erisharmiz», — degan u.

Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, Tehron sanksiyalar oqibatida o‘z siyosatini o‘zgartirmagan va butun mintaqadagi «xavfli o‘yinchi»ligicha qolmoqda.

AEXA inspeksiyalari

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ni ham Qo‘shma umumqamrovli bitim doirasida Eron yadro dasturi bo‘yicha Eron harbiy obektlarini yetarli tarzda tekshiruvdan o‘tkazmayotganlikda ayblab chiqdi.

«Agar yadro quroliga ega bo‘lib qolsa, Eron rejimi yanada xavfliroq tus oladi. Unutmanglar, AEXA inspeksiyalari harbiy obektlarda o‘tkazilmayapti, u yerga ularni qo‘yishmaydi. AEXA harbiy bazalarni ochishni talab etmagan, ya'ni inspeksiyalar rejimini o‘zgartirish kerak», — degan u.

«Eron o‘zini tajovuzkor tutmoqda, ballistik raketalar ishlab chiqarmoqda, uranni boyitish bilan shug‘ullanmoqda... Eron yadroviy dasturi bo‘yicha bitimni bekor qilish kerak, hoziroq bu ishni amalga oshirish kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Netanyahu.

2017 yilning noyabrida boshqaruvchilar kengashiga o‘z murojaatnomasida AEXA bosh direktori Yukiya Amano Umumqamrovli rejalar dasturi bitimi shartlari Eron tomonidan so‘zsiz bajarilayotganini, Islom Respublikasida yadro sohasida maxfiy ishlar amalga oshirilmayotganini ta'kidlagan edi. Amanoning so‘zlariga ko‘ra, AEXA Eronda Umumqamrovli rejalar dasturi bitimi shartlarini buzuvchi yadro materiallari yo‘qligini nazorat qilmoqda va buning uchun nazorat o‘tkazish uchun barcha zarur obektlarga erkin kirib chiqish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid
Top