Jahon | 22:13 / 08.04.2017
43367
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya politsiyasi Stokholmdagi terakt ijrochisining O‘zbekiston fuqarosi ekanligini tasdiqladi

Stokholmdagi teraktni sodir etishda gumonlanib hibsga olingan erkak haqiqatan ham O‘zbekistonning 39 yoshli fuqarosi hisoblanadi. Bu haqda Shvetsiya politsiyasi boshqarmasi rahbari Dan Eliasson aytdi.  

SVT telekanalining ma'lum qilishicha, gumonlanuvchiga "terakt orqali o‘ldirish" aybi qo‘yilmoqda. Eliasson ayblanuvchi o‘z aybini tan olgani haqidagi xabarga izoh bermadi. U, shuningdek, terrorchining Shvetsiyada yashashga ruxsati bor-yo‘qligi haqida hech narsa ma'lum qilingan.    

Eliasson gumonlar jiddiy ekanligini aytdi. "Bu ishga boshqalar ham aralashganini inkor qilmaymiz", deb aytgan Eliasson. 

Shvetsiya xavfsizlik xizmati rahbari Andres Tornbergning ta'kidlashicha, maxsus xizmatlar gumonlanuvchi haqida bir yil avval ma'lumotlar olgan, biroq bu ma'lumotlar ekstremizmga hech qanday aloqasi bo‘lmagan va "ikkinchi darajali" hisoblangan. 

7 aprelda Stokholm markazida yuk mashinasi odamlarni bosib ketib, univermag devoriga borib urilgan. Shvetsiya bosh vaziri ushbu hujumni "davlatiga hujum" deb baholagan. Terakt oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohatlangan. Politsiya tomonidan qo‘lga olingan gumonlanuvchi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Politsiyada aynan u yuk mashinasi haydovchisi ekanligi ta'kidlangan.

Mavzuga oid