Jamiyat | 23:29 / 24.05.2017
22518
3 daqiqa o‘qiladi

Fotomaqola: Andijon “Sayyid Muhiyddin mahdum” madrasasida “Xatmona” tadbiri

Andijonda faoliyat yuritayotgan “Sayyid Muhiyddin mahdum” o‘rta maxsus Islom bilim yurtida muassasa tashkil topganining 25 yilligi hamda 2016-2017 o‘quv yili 4-kurs talabalarining bitiruv kechasiga bag‘ishlangan “Xatmona” tadbiri bo‘lib o‘tdi.   

Tadbir an'anaviy qorilar musobaqasi g‘olibi, bilim yurtining 2-kurs talabasi Sirojiddin Abdujalilov tomonidan Qur'on tilovati bilan boshlandi. 

Katta tayyorgarlik bilan ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tadbir davomida bitiruvchi talabalar ta'lim va tarbiya bergan ustozlariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. Ular tomonidan badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

“Xatmona”da so‘z olgan viloyat bosh imom-xatibi Nuriddin Holiqnazarov, bilim yurti mudiri Mirzomaqsud Alimovlar bitiruvchilarga mustaqil yurtga munosib xizmat qilish, ilm olishni davom ettirish niyatida bo‘lgan toliblarga esa muvaffaqiyatlar tiladilar. 

“Sayyid Muhiyddin mahdum”” madrasasiga 1992 yilda asos solingan. O‘tgan 25 yil davomida bilim dargohini jami 935 nafar talaba bitirib, yurtimizdagi masjid va madrasalarda faoliyat olib bormoqdalar. Bilim yurtini joriy o‘quv yilida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan  24 nafar tolibi ilm yakunladi. Maskanda umumta'lim  fanlari bilan birgalikda “Qur'oni karim va tajvid”, “Aqoid”, “Fiqh”, “Tafsir”, “Hadis”, “Islom tarixi”, “Dinlar tarixi”, “Mazhab va yo‘nalishlar”, “Arab tili”, “Xatoba”, “Pedogogika va psixologiya” kabi 19 ta maxsus fandan chuqur bilim beriladi.     

- To‘rt yil davomida bor qalb qo‘rini berib, ta'lim bergan ustozlarimdan juda minnatdorman,- deydi  Sirdaryo viloyati, Boyovut tumanilik bitiruvchi Farruxbek Ahmadqulov. – Mudarrislarimiz inson ilm orqali dunyoni tanishi hamda Vatan kelajagiga yanada ko‘proq hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida uqtirdilar. Nasib qilsa, oliy dargohga kirib, o‘qishni davom ettirish niyatim bor.

Tadbir so‘ngida yig‘ilganlar mustaqil diyorimiz ravnaqi, yurtga tinchlik-omonlik, farovonlik tilab duoga qo‘l ochdilar.        

 

 Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon.

 Bilim yurti mudarrisi: Muhammadyusuf To‘raqulov.