19:08 / 14.08.2017
7307

OAV: KXDR raketalari uchun dvigatellar Ukrainadan olingan bo‘lishi mumkin

Foto: Reuters

Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti ekspertlari hisoboti ma'lumotlariga ko‘ra, KXDR qit'alararo ballistik raketalarining muvaffaqiyatli sinovlari kuchli raketa dvigateli tufayli ro‘y bergan, ular, aftidan, Ukrainaning “Yujmash” zavodidan olingan. Bu haqda The New York Times gazetasi yozmoqda.

KXDR yetakchisi Kim Chen In tomonidan yangi raketa dvigatellarini ko‘zdan kechirish jarayoni tasvirlangan fotosuratlarni o‘rganib chiqqan institut mutaxassislarining fikricha, detallar Sovetlar Ittifoqida ishlab chiqarilgan dvigatellarga juda o‘xshash. Nashrning yozishicha, “tergovchilar va ekspertlar bor e'tiborini Dneprdagi raketa zavodiga qaratgan”, u yerda “sovuq urush” davrida “Sovetlar Ittifoqining eng katta xatar uyg‘otuvchi raketalari, jumladan SS-18 modeli”  ishlab chiqarilgan.

“Aftidan, bu dvigatellar Ukrainadan yetkazib berilgan – ehtimol, noqonuniy yo‘l bilan. Gap ularda qancha detallar borligi va ukrainaliklar ularga hozir ham yordam berishayotganini aniqlash haqida bormoqda. Men juda tashvishdaman”, - deya ta'kidlab o‘tdi institut mutaxassisi Maykl Elleman.

Shuningdek, Ellemanning so‘zlariga ko‘ra, “KXDR olti yil avval Ukraina zavodidan raketa dvigatellarini ishlab chiqarish texnologiyasini o‘g‘irlashga harakat qilgan”. BMT hisobotidagi ma'lumotlarga ko‘ra, “Shimoliy Koreyaning ikki fuqarosi ushlangan, ular o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan ma'lumot esa eng ilg‘or “raketa tizimlari, suyuqli raketa dvigatellari, kosmik apparatlar va raketa yoqilg‘i tizim”lariga aloqador bo‘lgan”. Shuning uchun ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, “Pxenyan Ukrainadagi inqilobdan keyingi xaos sharoitida buni qilishga yana urinib ko‘rgan”.

Shuningdek, nashrning yozishicha, “o‘tgan oyda “Yujmash” zavod majmuasi omon qolish uchun kurash olib borayotgani va o‘z texnologiyalarini xorijga, xususan Xitoyga sotayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, kompaniya “Ukrainadan tashqarida ehtimoliy xavfli texnologiyalarni berish”da ishtirok etmasligini ma'lum qilgan”.

Avvalroq Tramp KXDRga qarshi harbiy choralar qo‘llashga tayyorligini bildirgandi.

Top