17:32 / 03.07.2017
23752

Muxlisa nihoyat bugun Hindistonda operatsiya qilinadi

Xondrodistrofiya kasallik tashxisidan aziyat chekayotgan 14 yoshli Muxlisa Karimjonova nihoyat bugun jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazadi. U yoshligidan buyon shu dard bilan kasallanib kelgan. Oila a'zolari uni ko‘p shifokorlarga ko‘rsatishgan. 

Gap shundaki, joriy yilning 16 may kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘oni “Do‘stlik” MFY Navbahor ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nuritdinovlar oilasi bugun 14 yil avval tashxis qo‘ygan shifokorning xatosi-yu, qonunan haqli bo‘lgan huquqlaridan foydalanishga to‘sqinlik qilgan bank xodimlarining qilmishidan aziyat chekayotgani haqida so‘z borgan material e'lon qilingan edi. Bundan maqsad, imkoniyati bor insonlarni mana shunday savobli ishga undash, yaxshilik urug‘ini ekishlariga ko‘maklashish edi.

Maqola e'lon qilingach, oradan ko‘p o‘tmay saxovatpesha insonlar xolis yaxshilik qilish maqsadida Muxlisaning davolanishi uchun yordam berishgan edi. 

Bundan avval Muxlisaning davolanishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ ortig‘i bilan juda qisqa muddat ichida yig‘ilgani haqida xabar berilgan edi. Bu o‘zbek xalqining naqadar saxovatpesha, insonparvar va yaxshilik ilinuvchi xalq ekanligiga yana bir isbot bo‘ldi. 24 iyun kuni Muxlisa onasi Feruza opa bilan davolanish maqsadida Hindistonga yo‘l olgandi.

Mana nihoyat, Muxlisa Karimjonova Hindistonda operatsiya qilinadigan kun ham keldi. Allohdan unga operatsiyadan yaxshi chiqishni va yaqinlari baxtiga sog‘-salomat bo‘lishini tilab qolaylik. 

Top