19:11 / 16.02.2017
167992

O‘zbekistonda 1 martdan terminalsiz savdo qilish taqiqlanadi

Shu yilning 1 martidan O‘zbekistondagi tadbirkorlik sub'yektlari, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida aholidan plastik kartalar vositasida to‘lovlarni qabul qilishni ta'minlovchi hisob-kitob terminalini majburiy o‘rnatmasdan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega emas. Bu 15 fevral kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning PQ-2777-son «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida belgilab qo‘yilgan.

Barcha savdo shoxobchalarini terminallar bilan jihozlash uchun ularni ro‘yxatdan o‘tkazish jadallashtirilgan tartibda – tadbirkorlik sub'yektidan buyurtma kelib tushgan kundan boshlab 3 kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida amalga oshiriladi.

Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida narxlarni belgilash ustidan ham nazorat kuchaytirildi. Hisob-kitob shaklidan kelib chiqqan holda sun'iy ravishda narxlarni oshirish yoki tushirish hisob-kitob terminallarini qo‘llashning belgilangan tartibini buzish deb baholanadi. Bunday harakatlar EKIHning (eng kam ish haqining) 30 barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat soliq qo‘mitasiga 10 kun ichida chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida terminallar mavjudligi, nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish, talon va cheklarning berilishi, naqd pul tushumini to‘liq hajmda topshirish masalalari, narxlar sun'iy oshirilmayotgani yoki tushirilmayotgani bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish vazifasi yuklangan. Shu bilan birgalikda bu shakldagi tekshiruvlar Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining maxsus ruxsatini talab etuvchi soliq tekshiruvi hisoblanmaydi.

Markaziy bank jihozlashni kengaytirish va amaliy foydalanish uchun ancha qulay shart-sharoitlar yaratishni inobatga olgan holda hisob-kitob terminallarini tadbirkorlik sub'yektlariga ijaraga berish va sotish mexanizmini qayta ko‘rib chiqishga ko‘rsatma oldi.

Shuningdek, iste'mol talabini va tadbirkorlik su'bektlarining ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirish, shuningdek naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro amaliyotda foydalanilayotgan plastik karta orqali aholiga qisqa muddatli iste'mol kreditlarini berishning zamonaviy mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Banklarga joriy va kelgusi yil istisno qilingan holatda to‘lov terminallari, infokiosklar, bankomatlar va boshqa uskunalar importiga tender-tanlov savdolarini o‘tkazmasdan shartnomalarni tuzishga ijozat berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga «O‘zbekenergo» kompaniyasi bilan birgalikda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini sifatli va uzluksiz aloqa bilan ta'minlash, bunda O‘zbekistonning tog‘li va uzoq hududlariga alohida e'tibor qaratish vazifasi topshirildi.

Prezident Devonining Murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati banklarda hisob raqamlardan naqd pullarni berish va plastik kartochkalardan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarga oid shikoyatlar ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Top