Jahon | 15:33 / 18.12.2024
11888
11 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi sirli dronlar: ular haqida nimalar ma’lum?

AQShning sharqiy qirg‘oqlarida har kuni noma’lum pilotsiz parvoz qurilmalari kuzatilmoqda. Ular asosan harbiy bazalar va aeroportlar yaqinida uchramoqda. Oq uydagilar odamlar samolyotlar va yulduzlarni dron deb o‘ylashyapti, deyayotgan bo‘lsa, Tramp «ularni urib tushirish» kerakligini aytmoqda.

Noma’lum obektlar Nyu Jyersi osmonida. 2024 yilning 5 dekabri. Foto: Trisha Bushey / AP 

So‘nggi haftalar ichida AQSh sharqiy sohilidagi bir qancha hududlarda noma’lum dronlar kuzatilayotgani haqida xabar qilinmoqda. Ularning parvozlari aholi yashash joylari, taqiqlangan hududlar va muhim infratuzilma obektlari uzra amalga oshirilgan.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, ushbu dronlar kamida olti shtatda — Nyu Jyersi, Nyu York, Konnektikut, Pensilvaniya, Virjiniya va Ohayo hududlarida qayd etilgan. Bundan tashqari, Massachusets va Kaliforniyadagi suratga olish taqiqlangan hududlar yaqinidagi dron parvozlari sababli ayrim shaxslar hibsga olingan.

Federal aviatsiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ilk shikoyatlar 18 noyabr kuni, Nyu Jyersi shtatidagi Morris okrugida dronlar kuzatilganidan so‘ng kelib tushgan. Keyinchalik, dronlar har kecha kuzatilayotgani qayd etilgan.

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, ushbu dronlar, o‘tgan yili Virjiniyada milliy xavfsizlik uchun muhim obektlar yaqinida ko‘rilgan dronlarga o‘xshash bo‘lgan. Ushbu hodisalar jamoatchilik orasida xavotirlarga sabab bo‘lib, hukumat organlari bu masalani chuqurroq o‘rganmoqda.

Pilotsiz uchar jismlar qayerlarda ko‘rindi?

Noma’lum dronlarning harakatlari faqat aholi turar joylarida emas, xavfsizlikka doir hududlarda ham kuzatilgan.

Dronlar paydo bo‘lishi ortida kimlar turgani va ularning parvozidan ko‘zlangan maqsad haqida hanuz biror aniq ma’lumot yo‘q. Ular ko‘plab hududlarda, shu jumladan, Nyu Yorkda, boshqa shtatlarda va hatto boshqa mamlakatlarda ham kuzatilmoqda.

O‘nlab odamlar 18 noyabrdan buyon Nyu Jyersi osmonida dronlarni ko‘rganini aytishgan

Dronlar qayd etilgan asosiy joylar quyidagilar:

  • Nyu Jyersi: 18 noyabrdan boshlab bir necha dron «Pikatinni Arsenali» yaqinida va Bedminster shahridagi Donald Trampga tegishli golf maydoni atrofida parvoz qilgan.
  • Nyu York: 12 dekabrda bir necha dron Bronks hududi ustida ko‘ringan.
  • Ohayo: Dronlar parvozidan so‘ng uchinchi havo bazasi «Rayt-Patterson» bir soatga yopildi.
  • Konnektikut: Groton va Nyu London atrofida «shubhali dronlar» paydo bo‘lgani haqida politsiya xabar bergan.
  • Merilend: Davidsonvil shahrida sobiq gubernator Larri Hogan o‘z uyi ustida «o‘nlab dronlar»ni ko‘rgan.
  • Massachusets: 14 dekabrda Logan xalqaro aeroporti yaqinida dronlarni boshqarganlikda ayblangan ikki shaxs hibsga olingan.
  • Pensilvaniya: Filadelfiya shahri ustida bir necha dron qayd etilgan.
  • Virjiniya: 17 kun davomida Amerika harbiy obektlari ustida dronlar harakatlangani haqida xabar berilgan.
  • Britaniya va Germaniya: Noyabr oxirida Amerika aviabazalari yaqinida, shuningdek, «Ramshtayn» bazasida dronlar ko‘rilgan.

AQSh hukumati Nyu Yorkka noma’lum dronlarni aniqlash tizimini jo‘natishga qaror qilgan. Bu haqda Nyu York shtati gubernatori Keti Hochul ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora dronlar paydo bo‘lishi sababli Styuart xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagi vaqtincha yopilishi ortidan qo‘llangan.

«Mening qo‘shimcha resurslarni ajratish bo‘yicha talablarimga javoban federal hamkorlarimiz Nyu Yorkka dronlarni aniqlash tizimini yo‘llashdi. Shtat hukumatlariga mayda dronlarga qarshi mustaqil kurashish uchun ko‘proq vakolatlar berish kerak», degan Keti Hochul.

Shunga qaramasdan, FQB dronlarning jiddiy xavf tug‘dirishiga shubha bilan qaramoqda.

Dronlar qanaqa ko‘rinishda?

11 dekabr kuni AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingdan so‘ng Nyu Jyersi shtati yig‘ilishi a’zosi Doun Fantaziya ushbu dronlarni an’anaviy usullar bilan aniqlash deyarli imkonsiz ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu pilotsiz parvoz qurilmalarining diametri taxminan 1,8 metrni tashkil etadi, qorong‘ida chiroqlari o‘chirilgan holda harakatlanadi va bir-biri bilan «muvofiqlashtirilgan tarzda» parvoz qiladi.

13 dekabr kuni AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas dronlar ko‘paygani haqidagi xabarlar sababi federal qonunlar 2023 yildan boshlab dronlarga tungi parvoz qilishga ruxsat bergani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

«Bu endi odamlar dronlarni oldingiga nisbatan ko‘proq ko‘rayotganining asosiy sabablaridan biri bo‘lishi mumkin», — degan Mayorkas o‘z bayonotida.

Dronlar xavf tug‘diradimi?

Amerikaning bir necha rasmiy idoralari vakillari jurnalistlar bilan suhbatda dronlar tomonidan xavf mavjudligini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidlashdi.

«Menimcha, reaksiya biroz ortiqcha bo‘ldi», — dedi FQB xodimlaridan biri.

Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas ABC News bilan suhbatda, «shimoliy-sharqda topilgan dronlar»ga boshqa davlatlar aloqasi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

«Biz ushbu masalani diqqat bilan o‘rganmoqdamiz», — dedi u.

Mayorkasning qo‘shimcha qilishicha, agar xavotirga sabab bo‘ladigan holatlar yuz bersa yoki boshqa davlatlar aralashuvi yoki jinoiy faoliyat aniqlansa, ular bu haqda Amerika xalqini xabardor qilishadi.

Oq uy bayonoti: dronlar tahdid emas

16 dekabr kuni AQSh prezidenti ma’muriyati milliy yoki jamoat xavfsizligi uchun tahdid aniqlanmaganini ma’lum qildi. Oq uyning strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbiga ko‘ra, dronlar haqidagi xabarlarning aksariyati oddiy holatlar bilan bog‘liq.

«Bizningcha bu xabarlarda qonuniy tijorat dronlari, havaskor qurilmalar, huquq-tartibot organlari dronlari, vertolyotlar yoki hattoki ko‘zga dron bo‘lib ko‘ringan yulduzlar haqida so‘z borgan bo‘lishi mumkin», — dedi Kirbi. Uning aytishicha, FQB 100 ga yaqin xabarni tekshirmoqda, lekin hozirgacha hech qanday noqonuniy harakatlar yoki xavf aniqlanmagan.

Kirbi Oq uyning ochiqlikka intilishini ta’kidlab, shunday dedi: «Biz taxminlar yoki haddan tashqari shoshilinch xulosalarga o‘rin qoldirmaymiz. Faqat aniq ma’lumotni taqdim etamiz».

Pentagon vakili general-mayor Patrik Rayder har kuni AQSh havosida minglab dronlar uchayotgani va bu odatiy hol ekanini aytdi. «Dronlarni ko‘rish xavfsizlikka tahdid yoki zararli faoliyatdan nishona emas», — dedi u.

FQB va Ichki xavfsizlik vazirligi 12 dekabr kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra, topilgan dronlar milliy yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan hech qanday dalil yo‘q. FQBning ta’kidlashicha, aksariyat hollarda dron deb qabul qilingan narsalar uchuvchi boshqarayotgan samolyotlar bo‘lgan. 2023 yil noyabridan buyon FQBga bu borada besh mingga yaqin xabar kelib tushgan bo‘lib, faqat 100 tasi tekshirishga arzirli deb topilgan.

Tramp nima dedi?

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 16 dekabr kuni matbuot anjumanida hukumat dronlar bilan bog‘liq vaziyatdan xabardor ekanini ta’kidladi.

«Bizning harbiylar ularning qayerdan uchib chiqqanini bilishadi. Agar garajdan uchgan bo‘lsa, u yerga qaytib kirishlari mumkin. Harbiylarimiz dron qayerdan kelganini va qaysi yo‘nalishda uchib ketayotganini biladi, lekin bu haqda hech narsa aytmoqchi emas», degan Tramp.

Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi postida Jo Bayden ma’muriyatini mavjud ma’lumotlarni oshkor qilishga yoki dronlarni urib tushirishga chaqirdi: «Har bir hududda g‘alati dronlar kuzatilmoqda. Bundan hukumatimiz bexabarmi? Men bunga ishonmayman! Jamoatchilikka aniq ma’lumot bering yoki ularni zudlik bilan urib tushiring!»

Demokrat senator Richard Blyumental ham dronlarni zarurat bo‘lsa, urib tushirishni taklif qildi. Uning fikricha, dronlarni radioelektron kurash vositalari orqali zararsizlantirish mumkin va bu havoda ularni fizikaning o‘ziga xos usullari bilan yo‘q qilishdan xavfsizroqdir.

FQB va Nyu Jyersi politsiyasi fuqarolarni dronlarga qarata o‘q uzmaslikka chaqirdi, chunki bu ortiqcha xavf tug‘dirishi mumkin. Masalan, havoda dron deb qabul qilingan samolyotlarga zarar yetkazilishi mumkin. Ba’zi aholi lazer vositalaridan foydalanib, samolyotlarning uchuvchilari ko‘zini qamashtirgan holatlar ham kuzatilgan.

Oq uy vakili Jon Kirbining aytishicha, AQShda 1 milliondan ortiq dronlar mavjud va ularning minglab turlari har kuni havoda uchadi.

Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 792 ming dron rasman ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning yarmidan tijorat, yarmidan esa havaskorlik maqsadlarda foydalaniladi. Dronlar asosan suratga olish, qishloq xo‘jaligi, huquqni muhofaza qilish sohalarida foydalaniladi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 122 metr balandlikdan pastdagi uchishlar ko‘p hollarda maxsus ruxsat talab etmaydi.

Dronlar qayerdan uchib kelgan?

Noma’lum pilotsiz parvoz qurilmalarining qayerdan uchib kelgani yoki ularni kim boshqarayotgani aniq emas. Nyu Jyersi shtatidagi respublikachi vakil Jyeff Van Dryuning fikricha, bu dronlar Atlantikada turgan Eronning «ona kemasi»dan uchirilgan bo‘lishi mumkin.

Biroq Illinoys shtatidagi demokrat Raja Krishnamurtining ta’kidlashicha, dronlar uchirilishida Xitoy ishtiroki ehtimoli ham yo‘q emas.

Pentagon ushbu taxminlarni rad etdi. 11 dekabr kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Van Dryuning «Eron kemasi» haqidagi gaplariga Pentagonning matbuot kotibi Sabrina Singh shunday javob berdi:

«AQShning sharqiy sohili yaqinida hech qanday Eron kemasi yo‘q. Qolaversa, bunday «ona kema» dronlarni AQShga uchirayotgani haqidagi fikrlar mutlaqo noto‘g‘ri».

Garchi, AQSh hukumati fuqarolarni tinchlanishga chaqirgan bo‘lsa-da, mahalliy amaldorlar va siyosatchilar pilotsiz parvoz qurilmalari haqida ko‘proq ma’lumot berish va surishtiruv uchun qo‘shimcha resurslar ajratishni talab qilmoqda.

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, AQShning sharqiy sohili bo‘ylab ko‘plab amaldorlar hukumatdan noqonuniy uchayotgan dronlarni yo‘q qilish huquqini ham talab qilmoqda.

Mavzuga oid