21:15 / 26.01.2018
21161

Kerakli eshikni taqillatishdan uyalmang ham, qo‘rqmang ham – u bir kuni, albatta, ochiladi

Foto: FEDweek

Joriy yilning 25 yanvar kuni KUN.UZ sayti orqali “Moliya vaziriga: "Uch diplomli vatanparvar bir yigit ishsizlikdan qachongacha sarson bo‘ladi?" sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi. Unda uch diplomga ega bo‘lgan oliy ma'lumotli Oqiljon Oxunjonov degan yigitning o‘z sohasida ish qidirib, sarson bo‘lgani, ish so‘rab borgan joylari esa turli vaj va bahonalar bilan sansolarlik qilgani bayon qilingan edi.

Maqola muallifi Karimberdi To‘ramurodning ma'lum qilishicha, ushbu maqola e'lon qilinganidan 12 soat o‘tib, yigitning muammosi hal etilgan.

Oqiljonni aynan Moliya vazirligiga taklif qilishgan. Kadrlar bo‘limi boshlig‘i shaxsan qabul qilib, “Uch diploming bo‘lsa, moliyachi bo‘lsang, xat yozib, to‘g‘ri qilibsan, bolam”, deb bo‘sh ish o‘rinlaridan birini tanlashi mumkinligini aytadi. Oqiljon yashab turgan joyiga yaqindagi ishni tanlaydi. 

Tanlovga ko‘ra, vazirlik uni Toshkent shahar hokimligi pensiya ta'minoti bo‘limiga yuboribdi. U yerdagilar Oqiljonni ochiq yuz bilan kutib olib, hujjatlarini olishibdi va dushanba kunidan ish boshlashini, ungacha buyruqlarni o‘zlari tayyorlab qo‘yishini aytishibdi. 

“Duo qilinglar, Oqiljon Oxunjonov dushanba kuni pensiya ta'minoti bo‘limida ish boshlaydi! Halol ishlasin! Qo‘li poraga bulg‘anmasin! Elim desin, yurtim desin!

Bizga murojaat qilgani uchun Oqiljonni malomat qilganlar, Moliya vaziriga murojaat yozib, KUN.UZ saytida e'lon qilganim uchun meni malomat qilganlar, “Bundan bir ish chiqarmidi?”, deb mensimaganlar barmoqlarini tishlasin endi!

Orada mening soddaligimdan foydalanib, “Shu yigitning telefon raqamlarini bering, biz ishga olamiz”, degan keyin esa Oqiljonni chaqirib, “Nega bizni yozding, qachon murojaat qiluvding, kim senga qo‘pol muomala qiluvdi, isbotlaysan, endi biz Moliya vaziridan baloga qolamiz”, deb Oqiljonga zug‘um qilganlar ham tirnog‘ini yamlasin!

Azizlar! O‘zingizga kerakli eshikni taqillatishdan uyalmang ham, qo‘rqmang ham, noumid ham bo‘lmang, taqillatavering, bir kun ochiladi! 

Bir o‘zingiz taqillatishga iymanayotgan bo‘lsangiz, birgalashib taqillatishga tayyormiz!

Maqsadimiz bitta: “Xalq bizdan rozi bo‘lsin!” Shunda Alloh ham bizdan rozi bo‘ladi!”, deb yozadi Karimberdi To‘ramurod.

Top