09:01 / 13.07.2015
5544

O‘zbekistonda Fuqarolik aviatsiyasi bortkuzatuvchilari Butunjahon kuni nishonlandi

12 iyul kuni har yili an'anaviy tarzda ko‘proq styuard va styuardessa nomi bilan ataladigan fuqarolik aviatsiyasi bortkuzatuvchilari tomonidan kasb bayrami sifatida nishonlanadi.

Bu kasb 80 yildan ko‘proq tarixga ega. Bu kasb 1928 yilda Germaniyada, samolyot bortiga asosiy vazifasi parvoz paytida xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan maxsus odam – styuard olina boshlagandan keyin paydo bo‘lgan. Ungacha bu vazifani samolyotning ikkinchi uchuvchisi bajargan va uning bu ishlarga chalg‘ishi xavfsizlik nuqtai nazaridan xavfli hisoblangan.

Avval bortkuzatuvchilar vazifasini erkaklar bajargan, ular ko‘pincha restoranlarning sobiq ofitsiantlari orasidan tanlangan. Biroq 1930 yilda AQShda aviakompaniyalar uchun qo‘shimcha reklama sifatida bu vazifaga xushbichim qizlarni ishga olish qaror qilingan.

Aviatsiya tarixida Ayova shtatilik Ellen Cherch birinchi styuardessa hisoblanadi. Cherch styuardessa sifatida birinchi parvozini 1930 yilning 15 mayida San-Frantsisko-Shayyenn reysi bo‘yicha amalga oshirgan.

Zamonaviy bortkuzatuvchining asosiy vazifasiga parvoz paytida yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash kiradi. Bundan tashqari, styuard va styuardessalar yo‘lovchilar parvoz paytida o‘zlarini qulay sezishlari uchun barcha narsani muhayyo qiladilar.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin mamlakatda kuchli, jahon standartlariga javob beruvchi, zamonaviy moddiy-texnika bazasi va yuqori malakali xodimlariga ega fuqarolik aviatsiyasiga asos solindi.

Yuqori ko‘rsatkichlarga ilg‘or texnika va texnologiyalarsiz erishishning iloji yo‘q. Ayni paytda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining samolyotlar parkida bir qator zamonaviy samolyotlar, jumladan 10ta Airbus-A320 va 4ta Boeing-767-300ER samolyotlari mavjud. Bugungi kunda O‘zbekiston bayrog‘i ranglari bilan bezalgan samolyotlar 20dan ko‘proq davlatga parvoz qiladi.

Milliy aviakompaniya o‘z faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borgani tufayli yangi sarhadlarga erishmoqda. 2014 yil yakunlariga ko‘ra aviakompaniya tomonidan 23 ming 811 ta reys amalga oshirildi, 2 mln 625 mingdan ko‘proq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Shu bilan birga 42 ming 812 tonna yuk, jumladan pochta va pulli yuk tashildi.

Kompaniya xizmat ko‘rsatish sifatini muntazam oshirib borishga katta ahamiyat beradi. Ayni paytda elektron chiptalar tizimi joriy qilingan bo‘lib, mijozning istagiga ko‘ra chiptalar uyga yoki ko‘rsatilgan manzilga yetkazib beriladi. Aerovokzal majmualari va unga yondosh hududlarda turli qulayliklar taklif qilinmoqda. Bortda tortiq qilinadigan ovqatlarning sifatiga katta ahamiyat beriladi. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan taomnoma muntazam yangilanib turiladi. Cetring davlat unitar korxonasining ishlab chiqarish quvvatlari minglab porsiya issiq va sovuq taomlar tayyorlash, barcha avialiniyalarda turli ichimliklar va ho‘l mevalar taklif qilishga imkon beradi. 300 dan ortiq taom Global Test muvofiqlik sertifikatiga ega.

“O‘zbekiston xavo yo‘llari” parvozlar xavfsizligini va ishonchliligini ta'minlash sohasida ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Xususan, 2014 yilda O‘zbekistonning uchta aeroporti “MDH davlatlari orasida yilning eng yaxshi aeroporti” nufuzli tanlovida turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori pog‘onalarni egalladi: Buxoro aeroporti yiliga 100 mingdan yarim mln.gacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi aeroportlar orasida “Eng tez rivojlanayotgan aeroport” unvoniga loyiq deb topildi, “Samarqand” va “Urganch” xalqaro aeroportlari “Ishlab chiqarishni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Top