Amsterdam shahridagi Sxipxol aeroportiga qo‘ngan yuk tashuvchi samolyotning shassisida odam jasadi borligi aniqlandi. Reyter nashrida yozilishicha, bu samolyot 12 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan 06:30da Afrikadan uchib kelgandi.
SNN telekanalida aytilishicha, bu jasad ayni vaqtda o‘likxonaga jo‘natilgan va uning shaxsini o‘rganishga harakat qilinmoqda.
Taxmin qilinishicha, u Yevropaga shu yo‘l orqali yetib olishga harakat qilgan muhojir.
Qayd etish kerakki, oxirgi 1 yil davomida Afrikaning Nigeriya, Kamerun, Chad, Mali, Livan, Tunis, Somali, Uganda va boshqa bir qator mamlakatlarida jangarilar faollashishi kuchaydi. Natijada bu mamlakatlarda o‘n minglab qochqinlar shimolga qarab intilishmoqda.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra Yaqin sharq va Afrikadan 2015 yilning boshidan buyon 378 ming kishi Yevropaga kirib borgan. Yil oxirigacha bu miqdor 1 mln nafarga yetishi bashorat qilingan.
Ayni vaqtda muhojirlarni asosan Germaniya qabul qilmoqda. Nisbata kichik davlat bo‘lmish Niderlandiyaga esa 1500 nafar muhojir qabul qilinishi kutilmoqda.