22:48 / 01.12.2015
7522

Istanbul gubernatori: Metro bekatida qo‘lbola bomba orqali terakt sodir etildi

Turkiya rasmiylari Istanbuldagi metro stansiyasida bomba portlaganini tasdiqladi. NTV telekanalining Istanbul gubernatori Vasip Shahinga asoslanib xabar berishicha, shahar metrosining "Bayramposho" bekatida terakt sodir etilgan.

"Portlash sababi haqida aniq ma'lumotlar olinmadi. Barcha ehtimollar ko‘rib chiqiladi. Hozirgi ma'lumotlarga ko‘ra yerosti o‘tish yo‘lida qo‘lbola bomba harakatga keltirilgan", deydi gubernator.

Telekanal xabarida aytilishicha, portlash yuz bergan vaqtda o‘tish yo‘lida poyezd harakatlanayotgan bo‘lgan. Natijada vagonlarning oynalari sinib tushgan. Metroda poyezdlar harakati to‘xtatilgan. Yo‘lovchilar xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida jabrlanganlar soni besh kishiga yetgan.

Biroz oldinroq bu portlash tufayli bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilingandi.

Portlash Bayramposhsho tumani hududida sodir bo‘lgan.

Ayni vaqtda hodisa yuz bergan hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, atrof o‘rab olingan. Piyodalar va avtomobil harakati to‘xtatilgan.

Top