15:32 / 06.04.2016
1377

OAV: «Real» muxlislari Peresni jamoa Ispaniya Kubogidan chetlatilgani uchun sudga berdi

«Real» jamoasining 2 muxlisi jamoa prezidenti Florentino Peresni madridliklarning Ispaniya Kubogidan chetlatilgani voqeasi bo‘yicha sudga bergan. Bu haqda Buyuk Britaniyadagi The Sun nashri xabar tarqatgan.

Raul Ximenes Gilem va Susana Kastano Kaba ism-sharifli bu muxlislarning da'vosini kataloniyalik huquqshunos Felipe Iskerdo ro‘yxatdan o‘tkazgan.

2015 yilning dekabrida Ispaniya Kubogining 1/16 bosqichida «Real» «Kadis»ga qarshi o‘yin o‘tkazgan, unda diskvalifikatsiyasi bor futbolchi Denish Cherishev maydonga tushirilgandi. Holbuki, rossiyalik futbolchi «Vilyarreal»da o‘ynagan vaqtida kubok o‘yinlari doirasida 3ta sariq kartochka olgandi va bir o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Shundan so‘ng, «Kadis» shikoyat bilan murojaat qildi va shikoyat qondirilib, kadisliklar avtomatik ravishda keyingi bosqichga o‘tishdi, «Real» esa turnirni tark etdi.

Manbaning yozishicha, bu muxlislar «Real»ning Ispaniya Kubogi turniridan chiqib ketishi ularga ma'naviy va moddiy zarar yetkazganini aytishgan. Ular prezidentdan qancha miqdordagi mablag‘ni undirish niyatida ekani aniqlanmagan. Shuningdek, ular boshqalar tomonidan masxara qilinganini ta'kidlashgan.

Top