Light | 18:34 / 03.10.2016
43039
4 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi yillarning eng g‘aroyib 9 kashfiyoti (fotojamlanma)

Biz zamonaviy tibbiyot, astronomiya va texnika sohasidagi yutuqlarni diqqat bilan kuzatamiz va dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kashfiyotlarni kutamiz. Biroq hamma kashfiyotlar ham og‘ir kasalliklarni tuzatish uchun mo‘'jizaviy dori vositalarini yaratish yoki texnik yangiliklar qilishga majbur emas. “Populyarnaya mexanika" nashrida so‘nggi yillarda qilingan eng g‘aroyib kashfiyotlar ro‘yxati havola etildi. 

Qizil pakular - piraniyalarning eng yaqin qarindoshlari, biroq ulardan farqli o‘laroq, go‘sht iste'mol qilmaydi. Janubiy Amerika pakusini yaqinda Michiganning shimoliy qismida (AQSh) ovlashga muvaffaq bo‘lishgan. 

Tinch okeanining suv osti dunyosini o‘rganayotgan Nautilus kemasi olimlari juda noyob kalmar turlaridan bo‘lgan Rossia pacifica’ga duch kelishgan. Yumshoq o‘yinchoqni eslatuvchi bu mitti mollyusk 1300 metr chuqurlikda yashaydi va odatda dengiz tubidan yuqoriga ko‘tarilmaydi.  

Avstraliyaning mudroq agamlari miya to‘lqinlarini o‘rgangan nemis olimlari ularda tezkor uyqu fazasini aniqlashdi. Ilgari bu faza faqatgina qushlar va sut emizuvchilarga xos bo‘lgan, deb hisoblanardi, endi esa bu jarayon kaltakesaklarda ham kuzatilgan.

 

Suv qanday paydo bo‘lgan? Eng mashhur nazariya – uni muz asteroidlari olib kelgani, lekin yaqin-yaqingacha buning isboti bo‘lmagan. Nihoyat, Antarktidada meteorit topishdi, unda esa – qisman suvdan iborat opallar. Toshlarni o‘rganish unda og‘ir izotoplar mavjudligini ko‘rsatdi, bu esa uning Yerdan tashqarida paydo bo‘lganligiga ishora qiladi. Asteroid haqiqatdan ham qachonlardir Yerga suv olib tushgan. U tushgunga qadar Yerda suv bo‘lgan yo bo‘lmaganligi noma'lum. 

Olimlar kelib chiqishi tushunarsiz bo‘lgan chuvalchangsimon mavjudotlar Symsagittifera roscoffensis’ni kuzatishga muvaffaq bo‘lishgandi. Yaqinda esa yana bir hodisaning guvohi bo‘lishdi: “chuvalchanglar” ulkan spiral ko‘rinishidagi guruhlarga ajralib, suv o‘simliklari hududini kengaytirib, yanada samarali jonli quyosh panellarini hosil qilishar ekan. 

Dunyoda mislsiz iforlar bordek tuyuladi, biroq amerikalik olimlarning ma'lum qilishicha, ularning har biri asosiy 10 hidning birikmasi hisoblanadi. Ro‘yxat esa quyidagicha: xushbo‘y, yog‘och/rezina, mevalar (sitruslardan tashqari), o‘tkir/yonuvchi, kimyoviy, yalpizli, shirin, bodroqli, behuzur va limonli. Shunisi qiziqki, bodroq hidi juda ko‘p taomlarga xos ekan.  

Eng samarali antibiotiklardan biri kutilmaganda inson burnidan aniqlangan. Aynan shu a'zoda bizni boshqa infeksiyalardan himoyalovchi Staphylococcus lugdunensis bakteriyasi yashar ekan. Unda ishlab chiqiladigan antibiotik “lugdunin” nomini oldi va labaratoriya sinovlarida ajoyib natijalar ko‘rsatdi. 

Odamlar va boshqa primatlar uyqu vaqtida tabassumni eslatuvchi yuz mushaklari harakatlarini namoyish etishadi. Manbaga ko‘ra, aynan shu omil kulguning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Kioto olimlari tomonidan o‘rganilgan yapon makakalari uyqu vaqtida xuddi odamlardek yuz ifodalarini namoyon etgan. 

Mavzuga oid