Fransiya prezidenti lavozimiga yana bir nomzod fransiyalik qo‘shiqchi Yug Ofre bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda Sud-Ouest nashri.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, fransiyalik Bob Dilan deb e'tirof etilgan 87 yoshli qo‘shiqchi Fransiya prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazishi uchun kamida 500 mer va boshqa saylovchi amaldorlar qo‘llab-quvvatlovini olishi kerak. Ayni vaqtda Ofre 6 ta fransuz viloyatidagi 180 merning imzosini to‘play olgan.
Nashrning ma'lum qilishicha, agar Ofre 2017 yilning 17 martigacha zarur bo‘lgan miqdordagi imzolarni to‘play olmasa, u "so‘llar" nomzodi Jan-Lyuk Melanshonni qo‘llab-quvvatlab chiqadi. Ofre saylov kampaniyasi vakili Perr Blondoning aytishicha, qo‘shiqchi 23 yanvarda Parijda matbuot-anjuman o‘tkazib, unda kampaniyasi tafsilotlarini ma'lum qiladi.
Fransiya prezidenti saylovlari ikki bosqichda – 2017 yil 23 aprelida va 7 mayida o‘tadi. Noyabr oxirida chop etilgan Harris Interactive so‘rovnomasi ma'lumotlariga ko‘ra, Fransua Fiyon va Marin Le Pen 2-turga mos ravishda 26 va 24 foiz ovoz bilan chiqishadi va u yerda Fiyon Le Pen ustidan 67 foizga qarshi 33 foiz ovoz bilan g‘olib chiqadi.