17:27 / 09.08.2017
13115

O‘zbekistonda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ilhom” jamoat fondi tashkil etildi

Foto: President.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni davlat rahbari saytida joylashtirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Rassomlar ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Fondning asosiy vazifalari sifatida:

O‘zbekistonda madaniyat, san'at va jurnalistikani rivojlantirishga mablag‘larni to‘plash va yo‘naltirish, tegishli dastur hamda loyihalarni amalga oshirish; 

Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ta'minoti va faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish, ularning a'zolari bo‘lgan soha faxriylariga manzilli moddiy yordam ko‘rsatish;

Fond tomonidan moliyalashtiriluvchi muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uning tasarrufida bo‘lgan ko‘chmas mulkni boshqarish, Fondning mablag‘laridan uning ustav vazifalarini bajarishda manzilli va samarali foydalanish.

Qaror bilan O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ilhom” jamoat fondining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq; O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ilhom” jamoat fondining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Belgilanishicha, Fondning ijro etuvchi organi ijrochi direktor boshchiligidagi Ijro direksiyasi bo‘lib, u Fond Vasiylik kengashi tomonidan lavozimiga tayinlanadi va undan ozod etiladi.

Fond Vasiylik kengashi raisiga Fond tomonidan moliyalashtiriluvchi muassasalar rahbarlari bo‘yicha, ushbu muassasalarning tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif kiritish huquqi berildi. 

Fond mablag‘larini tashkil etish bo‘yicha manbalar bo‘yicha: 

Fondga Bastakorlar uyushmasi, Rassomlar ijodiy birlashmasi, Teatr arboblari uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hududiy bo‘linmalari xodimlarining ish haqiga to‘lov qilish uchun ajratiluvchi byudjyet mablag‘lari; Fondga beriluvchi ijod uylarining ijaraga berilishi, Fondning vaqtinchalik erkin mablag‘larini joylashtirish; yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari; qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilandi.

Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondining Fond hisob raqamiga xayriya asosida 7 milliard so‘mni; Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Oliy sudining Fondga noqonuniy yo‘l orqali olingan daromadlarni musodara etish hisobidan 13 milliard so‘mni yo‘naltirish to‘g‘risidagi tashabbuslari tasdiqlandi.

Qaror bilan Fond va u tomonidan moliyalashtiriluvchi muassasalar 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha soliqlar, shuningdek, davlat maqsadli fondlariga majburiy to‘lovlardan ozod etildi.

Belgilanishicha, ushbu taqdim etilayotgan imtiyozlar tufayli ozod etiluvchi mablag‘lar faqatgina Fondga yuklatilgan vazifalarga yo‘naltirilishi lozim.

Fond boshqaruviga O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Oqtosh” ijod uyi berildi.

Fond Ijro direksiyasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ hududidagi binosida joylashadi. 

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid
Top