10:06 / 22.01.2018
19131

Belarus Nazarboyevning Ukraina bo‘yicha tashabbusini keskin tanqid qildi 

Foto: Reuters

Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey Qozog‘iston yetakchisining avval Minskda o‘tkazilgan Ukraina bo‘yicha tinch muzokaralarni Ostonaga ko‘chirish haqidagi taklifi ustidan kuldi va uni tanqid ostiga oldi. Makeyning o‘z bayonotida aytishicha, muzokaralarni yangi joyga o‘tkazish hech narsani o‘zgartirmaydi.

«Ukraina bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topishiga ishonsangiz, uni hattoki Antarktidaga ham ko‘chirish mumkin», - deya aytib o‘tdi Makey. Uning ma'lum qilishicha, Belarus, boshqalardan farqli ravishda, «o‘zini tinchlikparvar sifatida ko‘rsatishga shoshilmaydi».

Kreml bayonotida esa aytilishicha, 2015 yilda erishilgan Minsk kelishuvlariga rioya qilish, Ukrainadagi mojaroga yechim topish bo‘yicha muzokaralar joyidan ko‘ra muhimroqdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev AQSh rahbari Donald Tramp Donbassdagi mojaroga yechim topish bo‘yicha muzokaralarni Minskdan boshqa shaharga ko‘chirishni taklif qilgani haqida ma'lum qilgandi. Nazarboyev Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida shunday bayonot bilan chiqdi. «Biz «Minsk-1» to‘xtab qolgani, boshi berk ko‘chaga kirib qolgani, «Minsk-2» kerakligi haqida gaplashdik. U shunday dedi: «Keling, boshqa joyga ko‘chiramiz». Men esa: «Mayli» dedim», - deya aytib o‘tdi Qozog‘iston rahbari.

Top