Abituriyentlarga imtihon oldi eslatmalar
Ayni paytda abituriyentlarning bor e'tibori oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlariga qaratilgan. Bu yil test sinovlariga qator o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lib, ularni bilish ota-onalar va abituriyentlar uchun qiziq. Quyida «Ma'rifat» gazetasida e'lon qilingan abituriyentlarga eslatmalar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Har bir test topshirig‘iga 4 tadan ("A", "V", "S", "D") muqobil javoblar beriladi.
Abituriyentlar tanlagan ta'lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.
Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt beriladi.
Abituriyent har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilashi shart. Test topshiriqlari kitobida to‘g‘ri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo‘yaydi (javoblar varaqasida bo‘yalgan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).
Agar javoblar varaqasidagi «belgilash uchun namuna» qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa, ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa, ushbu test topshirig‘iga ball berilmaydi.
Abituriyentning test sinovlarini topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi. Test materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish hollari bundan mustasno.
Abituriyentlarga «Abituriyent ruxsatnomasi», «Test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning chizma nusxasi», «Abituriyentlarga eslatma» OTM qabul komissiyasi tomonidan tarqatiladi.
Test natijalari imtihonning ertasi kuniyoq Davlat test markazining rasmiy sayti(dtm.uz)da e'lon qilinadi va oliy ta'lim muassasalariga yetkaziladi.
Abituriyentlarga imtihon jarayonida qulaylik yaratish maqsadida test sinovlari katta sig‘imdagi binolar (jumladan, Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlari)da o‘tkaziladi. Buning uchun eng kichigi 240 va eng kattasi 1710 o‘rinli bo‘lgan respublikadagi 60ta bino tanlab olindi.
Abituriyentlar bino hududiga va bino ichiga faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti hamda shaxsni identifikatsiyalash vositasi, videofiksatsiya qurilmasi, metallodetektorlar orqali tekshirib kiritiladi.
Har bir abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Boshqa vaqt va sanada test sinovlarida ishtirok etishi mumkin emas.
Abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan kuni tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena 13:00)gacha, binoga esa soat 07:30 (ikkinchi smena 13:30)gacha kirishi lozim.
Imtihonlar har kuni ikki smenada (birinchi smena soat 8:00 da, ikkinchi smena 15:00 da boshlanadi) o‘tkazilib, har kuni o‘rtacha 57—60 ming nafar abituriyent test sinovlarida qatnashadi. Imtihon sanasi va vaqti abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatiladi.
Imtihonga kech qolgan yoki boshqa sabab tufayli vaqtida kelmagan abituriyent test sinovlari boshlanganidan so‘ng tegishli hududga kira olmaydi.
Test jarayonida abituriyent quyidagi huquqqa ega bo‘ladi:
Test topshiriqlari kitobidan qoralama sifatida foydalanish;
Test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan so‘ng test materiallarini tartib bilan guruh nazoratchisiga topshirish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududdan chiqib ketish;
Imtihon jarayonini 4500 nafardan ortiq nazoratchi kuzatib boradi. Binoda test sinovlarini to‘liq nazorat qilish maqsadida 30 nafar abituriyent uchun bitta videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan. Test jarayonini abituriyentlarning ota-onalari ham onlayn tarzda kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Binoga kirish qoidasi:
Abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni binoga faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kiradi.
Abituriyent quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:
Javoblar varaqasini havorang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldirish;
Javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig‘iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo‘yamaslik;
Javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lganligi uchun uni to‘g‘ri to‘ldirish;
Belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo‘yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo‘lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.
Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha (11 kalendar kuni) muddatda shikoyat qilish huquqiga ega. Buning uchun poytaxtga kelish shart emas. Qayerda istiqomat qilsa, o‘sha joyning o‘zida O‘zbekiston ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Abituriyentning majburiyatlari:
Test topshiriqlari kitobi va unga mos raqamli javoblar varaqasi raqamlari mosligini tekshirish;
Test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;
Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishini ta'minlash;
Test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida ko‘rsatilgan tegishli joyga familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, imzo qo‘yish;
Titul varaqasida ko‘rsatilgan maxsus kod va ta'lim muassasasi kodini javoblar varaqasida ko‘rsatilgan joyga to‘g‘ri ko‘chirib yozish va tegishli doirachalarni bo‘yash;
Javoblar varaqasi raqamini abituriyent ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joyiga to‘g‘ri ko‘chirib imzo qo‘yish.
Guruh nazoratchilarining ham mas'uliyati oshirildi. Endi qoidani buzayotgan abituriyentga e'tiborsiz bo‘lsa, ularga nisbatan ham chora ko‘riladi. Nazoratchilar ham videokameralar orqali kuzatib boriladi. Har bir guruh alohida 30 tadan stol bilan ta'minlanib, birdan o‘ttizgacha raqamlanishi lozim. Guruh nazoratchisi uchun test materiallarini tarqatish va qabul qilishga alohida stol-stul ajratilib, stol uzluksiz videokuzatuv ostida bo‘ladi.
Binoda bir nafar abituriyentga qoida tariqasida 2 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan joy tayyorlanadi. Hududlar bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan bino va guruhlar tartib raqami takrorlanmaydigan ketma-ketlikda bo‘ladi.
Javoblar varaqasida abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus kodlar soddalashtirilgan, qaysi chet tilidan test sinovi topshirayotganligini belgilash uchun bo‘yaladigan doirachalar pastki qismga ko‘chirildi. Shuningdek, javoblar varaqasiga chetlashtirish dalolatnomasi kiritildi. Agar abituriyent taqiqlangan vositalardan foydalansa, savollar varag‘ini yirtsa yoki boshqa ko‘rinishda tartibni buzsa, guruh nazoratchilari va bino rahbariyati tomonidan javoblar varaqasidagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi hamda qoidabuzar jarayondan chetlashtiriladi.
Quyidagi hollarda abituriyenti test sinovlaridan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmaydi:
Test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
Test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
Test sinovlari jarayonida tartib va qoidalarga amal qilmaganligi videokuzatuvlar orqali aniqlansa;
Test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
Test vaqtida mobil aloqa kompaniyalarining xizmatlari to‘xtatilmaydi.
Mavzuga oid
17:46 / 23.08.2024
Yakuniy mandatda abituriyentlar nechanchi o‘rinda turganini ko‘rish imkoniyati ochildi
12:33 / 17.08.2024
Natijasidan norozi abituriyentlar uchun apellyatsiya sanalari ma’lum qilindi
17:32 / 08.08.2024
Davlat imtihonlarida qancha abituriyent 189 va undan yuqori ball olgani ma’lum qilindi
18:54 / 01.08.2024