Light | 17:05 / 19.09.2018
7021
2 daqiqa o‘qiladi

«Tabiiy» yogurtda gazli ichimlikdan ham ko‘proq shakar borligi ma'lum bo‘ldi

Foto: Pixabay

Do‘konlardagi yogurtlarning aksariyatida shirin gaz ichimlikdan ko‘ra ko‘proq shakar bo‘ladi. Buni Lids universiteti va Surrey universitetidan bo‘lgan britaniyalik tadqiqotchilar aniqlashdi. Tadqiqot natijalari BMJ Open jurnalida e'lon qilindi.

Yogurt shakar miqdori kam bo‘lgan mahsulot deb hisoblanishi uchun 100 g yogurtda ko‘pi bilan 5 gramm shakar bo‘lishi kerak. Tadqiqotchilar Buyuk Britaniyaning beshta yirik savdo tarmog‘idan yogurt va yogurt mahsulotlarining qariyb 900ta namunasini tanlab oldilar. Ma'lum bo‘lishicha, hattoki «organik» yogurtlarda o‘rtacha shakar miqdori 100 g mahsulotga 13,1 g ekan. Bolalar uchun yogurtning 100 grammida 10,8 gramm shakar aniqlandi. Taqqoslash uchun, 100 ml gazli ichimlikda 10,6 g shakar bor. Bolalar yogurtlarining atigi 2 foizida 100 g mahsulotga shakar miqdori 5 g.dan oshmagan.

Kunlik iste'mol qilinishi tavsiya etilgan shakar miqdori 30 grammga teng. Agar iste'molchilar gazli ichimlik va qadoqlangan sharbatlarda shakar ko‘p deb hisoblasalar, unda yogurt sog‘lom ovqat sifatida qabul qilinadi va xaridorlarda turli xavotirlar, tashvishli holatlarga sabab bo‘lmaydi. Ular qadoqlarda ko‘rsatilgan ma'lumotlarga ko‘proq e'tibor qaratishga chaqirganlar. Biroq, yogurt tarkibida bo‘lgan boshqa oziq moddalar va vitaminlar hisobga olinsa, tadqiqotchilar uni shokolad batonchasidan ko‘ra foydaliroq mahsulot, deb topishdi.

Mavzuga oid