22:55 / 15.10.2018
60909

Floyd Meyuezer Xabib Nurmagomedovning jang o‘tkazish taklifiga rozi bo‘ldi

Foto: REUTERS/ Steve Marcus

Amerikalik bokschi Floyd Meyuezer rossiyalik yakkakurash jangchisi Xabib Nurmagomedovning jang o‘tkazish chaqirig‘iga rozilik javobini berdi.

Avvalroq Nurmagomedov Meyuezerga jang o‘tkazish taklifi bilan chiqqandi.

“CBS, Showtime va MGM Grand – pullarni tayyorlang. Leonard Ellerbi (Mayweather Promotions rahbari) sahifasiga qarang, Xabib Nurmagomedov meni jangga chorladi”, deb yozgan Meyuezer instagramda.

Nurmagomedovning otasi va murabbiyi Adbulmanop Nurmagomedov jang Rossiyada o‘tkazilishi kerakligini aytgan.

“Bizda juda katta motivatsiya bor. Jang qachon o‘tishi mumkin? Dastlab diskvalifikatsiya muddati yakunlanishini kutish kerak”, deb aytgan Adbulmanop Nurmagomedov.

“Bu raqibni tor-mor etamiz. Xabib yaqin kurashda klinch holatiga o‘tadi, bu sof boksga o‘xshash bo‘lmaydi. Umid qilamanki, Xabibda imkon Makgregornikidan yuqoriroq. Bizning burchakda Vasiliy Lomachenko, Mayk Tayson va Rossiyaning eng yaxshi murabbiylaridan biri bo‘lishiga umid qilaman”, deb qo‘shimcha qilgan Adbulmanop Nurmagomedov.

Nurmagomedov 6 oktabrda UFC 229 musobaqasi doirasida Konor Makgregorni mag‘lub etib, yengil vaznda UFC chempioni unvonini o‘zida saqlab qolgan. Meyuezer esa 2017 yil avgustida boks qoidalari bo‘yicha o‘tgan jangda Makgregor ustidan g‘alaba qozongandi.

Mavzuga oid
Top