O‘zbekiston | 17:17 / 31.10.2018
19195
3 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning ro‘yxatlari kengaytirildi

Foto: Flickr/ Global Panorama

I – IV ro‘yxatlarga (muomalada bo‘lishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar) o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Birinchidan, ro‘yxatlar kengaytirildi: muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati 238 ta pozitsiyadan 265 ta pozitsiyaga, muomalada bo‘lishi cheklanganlarining – 51 tadan 53 taga. Muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalar 4 taga (81 ta pozitsiyadan 85 ta pozitsiyaga), prekursorlar esa 3 taga (26 ta pozitsiyadan 29 ta pozitsiyaga) ko‘paydi.
 
Ma'lumot uchun: prekursorlar – giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun foydalaniladigan moddalar.
 
Ikkinchidan, I Ro‘yxat (muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati) tuzilishi o‘zgartirildi. Unga kiritilgan moddalar guruhlar va kichik guruhlarga bo‘lindi. Masalan, sintetik kannabioidlar guruhidagi giyohvandlik vositalariga an'anaviy (dibenzopiranlar), noan'anaviy (siklogeksilfenollar, siklogentenollar, xinonlar), aminoalkilindollar (naftoilindollar, fenilatsetilindollar, benzoilindollar va h.k.), eykozanoydlar (anandamidlar), boshqalar (naftoilpirolllar, diaripirazollar va h.k.) va gibrid kannabioidlar kiradi.
 
Shuni yodda tutish lozimki, O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ekish, o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash va qayta ishlash, olish, saqlash, shuningdek ularni o‘tkazish yoki iste'mol qilishga jalb etish bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlar jinoiy tartibda ta'qib qilinadi. Yuqorida ko‘rsatilgan ro‘yxatlar muhim ahamiyatga ega, sababi ular bilan bog‘liq jinoiy jazo qo‘llaniladigan qilmishlarni kvalifikatsiyalashga ta'sir ko‘rsatuvchi giyohvandlik vositalarining miqdorlarini ham aks ettiradi.
 
Shu o‘rinda 23 sentabrdan boshlab giyohvandlik vositalarining analoglari – yuqorida ko‘rsatilgan ro‘yxatlarda rasman mavjud bo‘lmagan, biroq inson ruhiyatiga shunga o‘xshash ta'sir ko‘rsatuvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilganini eslatib o‘tamiz. 
 
Hujjat 29.10.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid