16:40 / 11.11.2018
9642

O‘zbekistondagi ayollar tashkilotlari haqida nimalarni bilasiz?

Foto: Norma

Ayollar masalalari bilan shug‘ullanishni tanlagan jamoat institutlari hamda ayollar tomonidan tashkil etilayotgan va boshqarilayotgan tashkilotlarni ayollar tashkilotlari deyish mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonda bunday tashkilotlarni ayollar, bolalar va oilalar himoyasi hamda manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan faoliyat olib boruvchi tashkilotlar sifatida tushuniladi. “Ayollar harakati” tushunchasi esa ayollar, ayollar guruhlari va tashkilotlarining turli qatlamdagi ayollar manfaatlarini ilgari suruvchi va gender munosabatlarga oid tizimni takomillashtirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy, madaniy va siyosiy faoliyatini o‘zida mujassam etadi. KUN.UZ muxbiri Xotin-qizlar qo‘mitasining O‘zbekistonda ayollar tashkilotlari faoliyatiga doir taqdim etgan ma'lumotlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Ayollar va oila masalalariga ixtisoslashgan NNTlar

O‘zbekistonda 500 dan ortiq ayollar nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) faoliyat yuritadi. Ularning eng yiriklari quyidagilar:

  • 214 hududiy bo‘linmasiga ega O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi: 14 ta – viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri miqyosida va 200 ta – tuman va shahar miqyosida;
  • 57 hududiy bo‘linmasiga ega “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston Ishbilarmon ayollar uyushmasi;
  • 1 respublika va 3 hududiy bo‘linmasiga ega O‘zbekiston xotin-qizlarining “Olima” uyushmasi.

Mamlakatning 8 hududida Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan tashkil etilgan Ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 300 dan ziyod NNT ayollar, yoshlar va bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ishlarni olib boradi.

Faoliyat, yo‘nalishlar va maqsadli guruhlar

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tahlillariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ayollar NNTlari quyidagi asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:

  • Ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – 54 foiz;
  • Ayollar va aholining huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish – 49 foiz;
  • Ayollar va ularning oilalari salomatligi, nogironligi bo‘lgan kishilar, sportni rivojlantirish – 44 foiz;
  • Fan va ta'lim – 14 foiz;
  • Atrof-muhit muhofazasi.

Maqsadli guruhlar haqida gap ketganda, ayollar NNTlari deyarli barcha ijtimoiy qatlamlar bilan ishlaydi. Eng asosiy maqsadli guruh vakili – ona, uning oilasi va tadbirkor ayol. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan ayollar, oilasida shunday kishilar bo‘lgan ayollar, odam savdosi qurbonlari kabi alohida guruhlar ham mavjud.

Bugunga kelib O‘zbekistonda 165 mingdan ortiq ayol tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlari  umumiy sonining 34 foizini ayollar tashkil etadi. Fermer xo‘jaliklarining atigi 7 foizida (5066) ayollar rahbar sanaladi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

O‘zbekistonda ayollar NNTlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy qismi Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan amalga oshiriladi.

Ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar Fond tomonidan moliyalashtiriladi. Oxirgi ikki yil davomida Fond tomonidan ayollar masalalariga yo‘naltirilgan 40 ga yaqin loyiha moliyalashtirilgan.

Shuningdek, qator NNTlar O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro jamg‘armalardan grant yordamlarini oladi.

Ijtimoiy sherikchilik

Ijtimoiy sheriklik instituti jamiyat va davlat o‘rtasida muloqot muhitini yaratish orqali davlat va notijorat tashkilotlarning hamkorlik samaradorligini oshirish, jumladan, ayollar NNTlari tomonidan jamiyatdagi muammolarni yechish hamda ayollarning huquq va manfaatlarini ta'minlash yo‘lida xizmat qiladi.

Ayollar NNTlari va davlat organlari ijtimoiy sherikchiligining quyidagi yo‘nalishlarini ajratish mumkin:

  • Ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash;
  • Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish;
  • Ayollar bandligini ta'minlash;
  • Ayollar o‘rtasida kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirish;
  • Aholi salomatligi va tabiatni muhofaza qilish;
  • Har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish;
  • Ona va bola muhofazasi;
  • Barcha jabhalarda ayollar huquq va manfaatlarini himoyalash;
  • Ayollarning huquqiy madaniyatini oshirish va boshqa masalalar.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘z faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlashi, ijtimoiy sheriklik doirasida faoliyatni amalga oshirish chog‘ida ayollar, bolalar, oilalarning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olishi lozim bo‘ladi.

Qo‘mita va NNTlar oldidagi vazifalar

O‘zbekistonda xotin-qizlar qo‘mitasi va ayollar NNTlari oldida quyidagi vazifalar turibdi:

  • BMTning “Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konventsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga mutanosib ravishda ayollar va bolalar huquqlarini ta'minlashga doir qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • Ayollarni ish joyi va oilada huquqlari buzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha huquq-targ‘ibot idoralari, ijtimoiy va tibbiy xizmat vakillari ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan kompleks tizimini tashkil qilish;
  • 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlarida ayollar faolligini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘limlar ijrosini ta'minlash;
  • Ayollarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini faollashtirish;
  • Ayollar, ayniqsa, yosh qizlarning iqtidorini yuzaga chiqaruvchi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
  • Ayollar bandligini ta'minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish.
Top